English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qum-shag‘al qazish tartibsizligi suv o‘zanlari pasayishi, hatto ko‘priklarning avariya holatiga sabab bo‘lmoqda
13:33 / 2022-11-18

Daryo o‘zanlari mustahkam bo‘lishi va toza saqlanishi, tabiiyki, suv resurslarining musaffo bo‘lishi, tejalishini anglatadi.

Ammo bu borada malakasi bo‘lmagan tadbirkorlarning  litsenziya olib daryodan qum-shag‘al qazib olishi oqibatida daryo o‘zanlari tiklab bo‘lmas holatga kelib qolmoqda. Qirg‘oqlar kengligi besh yuz metrdan ortib ketgan va hatto o‘zan yo‘nalishlari o‘zgarib ketayotgan holatlar bor.  

Daryo o‘zanlari haddan ziyod pastga tushib ketayotgani yer osti chuchuk suvlarini ham ifloslantirmoqda, suv sathi pasayib ketmoqda.  

Bu muammoga yechim topish maqsadida Senat tomonidan  daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborgan.  

Senat yalpi majlisida mazkur so‘rov natijasi ko‘rib chiqildi.  

Parlament so‘roviga berilgan javobda suv havzalarida litsenziya asosida qum-shag‘al qazib olayotgan 94 tadbirkorlik sub’ekti faoliyati o‘rganilgani qayd etilgan. Ularning 12 tasida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibi, 25 tasida litsenziya shartlari buzilgan.  

Andijon, Namangan, Jizzax, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlaridagi muammoli holatlarning salmoqli qismi bartaraf etilib, suv havzalari chegara hududlarini ko‘rsatuvchi belgilar o‘rnatilgan.  

Biroq, so‘rovda ko‘tarilgan muammolarning hammasi ham qamrab olinmagan. Ayrim masalalar ochiq qolgan. Ayrim yo‘nalishlardagi muammolar dolzarbligicha qolmoqda.  

Masalan, qum-shag‘al qazib olayotgan tadbirkorlar tomonidan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan so‘ng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi joriy etilmagan.  

Buzilgan yer maydonlarini rekultivatsiya qilish va davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha talabni bajarmagan sub’ektlarga nisbatan qonunchilikda ta’sir choralari yo‘q.  

Tadbirkor tomonidan daryo o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarini tozalash, shuningdek, qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari qonun talablari asosida amalga oshirilayotganligini tekshirish yoki o‘zboshimchalik bilan foydali qazilmalarni qazib olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazish imkoniyati cheklangan.  

Shuningdek, ularning tabiatga yetkazgan zararini hisoblash uslubi mavjud emas. Bu hol esa pala-partishlikka olib kelmoqda.  

Masalan, 157 ming m3 hajmda qum-shag‘al belgilangan hududlardan tashqarida noqonuniy qazib olingan. Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida o‘zan tubi chuqurlashib, yer osti suvlarining sathi pasayishi bilan bog‘liq 30  holat aniqlanib, tadbirkorlarning litsenziyasini bekor qilish yuzasidan sud organlariga 35 taqdimnoma kiritilgan.  

Toshkent viloyati hududida kon ishlari to‘liq yakunlangan hamda litsenziya (ruxsatnoma)ning amal qilish muddati tugagan 71  tadbirkorlik sub’ektiga berilgan  1,6 ming gektarga yaqin maydon rekultivatsiya qilinmagan.  

Bundan tashqari, tegishli tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslaridagi kamchiliklar ayrim tizimli muammolarning saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.  

Yana bir masala. Amaldagi qonun hujjatlarda daryolardagi ko‘priklardan o‘zan bo‘ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kilometrli masofada qum va toshlar qazib olish uchun karerlar barpo etish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.  

Biroq, bugungi kunda xalqaro ahamiyatdagi hamda daryolar va soylardan o‘tuvchi ko‘priklarning muhofaza zonasidan  qum-shag‘al qazish ishlari olib borilganligi aniqlandi. Oqibatda ko‘prik ostidagi suv o‘zanlari pasayib ketgan va ko‘prikning tayanch ustunlari ochilib, avariya holatiga kelib qolgan.  

Majlisda ushbu muammolar yechimi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi qayd etildi.    

 

N.Abduraimova,  

O‘zA