Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulupnayzorlarning mirishkorlari ko‘paydi
11:38 / 2021-05-04

Farg‘ona viloyatining Quva, O‘zbekiston tumanlari va Quvasoy shahri mirishkorlari ilg‘or tajribalar asosida qulupnayni erta yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Bu esa aprel oyidan boshlab, bozorlarni sarxil meva bilan ta’minlamoqda.

Qulupnay mevali o‘simliklar ichida eng erta pishadigan, mavsumning ilk mevasidir. Yangi terib olingani juda mazali va xushbo‘y bo‘lib, tarkibida 4-11 foiz qand moddasi, 0,28-1,6 foiz kislotalar, 37-130 mg/foiz S vitamini, yengil hazm bo‘ladigan temir, fosfor, kaliy, kalsiy tuzlari va boshqa vitaminlar mavjud.

Ayni kunlarda Quva tumanidagi Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazida qulupnay peshma-pesh bozorlarga yetkazib berilyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, yangi bog‘lar orasidagi 60 gektar maydonda “O‘zbekiston”, “dilbarim”, “kobra” kabi navlari yetishtirilyapti.

Pudratchi Davronbek Olimov 50 sotix ochiq maydonda plyonka ostida qulupnayning “O‘zbekiston” navini parvarishlab, aholi dasturxoniga yetkazmoqda. Uning aytishicha, o‘tgan yili 25 million so‘mdan ortiq daromad olgan.

– Ilgarilari qulupnay may oyining oxirlarida bozorga chiqardi, – deydi Davronbek. – Bugun esa qulupnayzorlarning mirishkorlari ko‘paydi. Plyonka ostida yoki issiqxonada parvarishlash kamida bir oy oldin mevaning pishib, el dasturxonini to‘ldirishga xizmat qiladi. Albatta, buning mashaqqati bor. Bahor faslida havo ancha sovuq bo‘ldi. Bu qulupnayzorga ham ta’sir qildi. Shunday bo‘lsada, 5 tonnadan ortiq hosil olishni ko‘zlab turibmiz.

 

M. Sulaymonov, O‘zA