Qulupnaychilik o‘ziga xos brendiga aylangan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida ayni vaqtda uch ming gektarga yaqin maydonda qulupnay yetishtirilmoqda.
Bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda endilikda xorijiy yuqori hosilli navlarni gidroponika usulida yetishtirish orqali yil davomida uzluksiz hosil olish, kam xarajat bilan yuqori daromadga erishish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.

Ayni shu maqsadda hududda yirik investitsiya loyihasiga kirishilib, 15 gektar yerda zamonaviy gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay yetishtirish majmuasi barpo etilmoqda. Ushbu loyiha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilib, qiymati 35 milliard so‘mni tashkil etadi.

Loyihaning bir qator ustuvor jihatlari bo‘lib, u yil davomida barqaror va yuqori hosildorlikni ta’minlash, suv va mineral resurslardan samarali foydalanish, eksportbop mahsulot yetishtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, buning pirovardida aholi o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirishga katta hissa qo‘shadi.

Namangan viloyat hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov ishtirokida mazkur loyihaga "oq fotiha" berildi. Loyiha tashabbuskorlari bilan muloqotda, mahsulotni saqlash, saralash, qayta ishlash va eksport qilish zanjirini to‘liq yo‘lga qo‘yish, zamonaviy agrotexnologiyalarni yanada keng joriy etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA