French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulaylik va rag‘bat – yangi rejalar sari yo‘l
16:15 / 2020-01-23

Yurt obodligi, xalq farovonligi.


Prezident tashrifidan so‘ng... 

Yurt obodligi, xalq farovonligi. Bugun bu ezgu maqsadning ijobatini har jabhada ko‘rish, his etish mumkin. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida inson manfaatlari, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratib berish, baxtli va farovon hayotini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassam.

Qashqadaryoda ham bu borada olib borilayotgan ishlarning ko‘lami keng, ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, keyingi bir yarim yil ichida barcha sohalarda katta o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, xalq kutgan loyihalarning amalga oshirilgani voha hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 24-25 fevral kunlari viloyatga tashrifi asnosida hudud ravnaqiga xizmat qiluvchi, yuqori ijtimoiy, iqtisodiy samaradorlikka ega ko‘plab loyihalar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari debochasiga tamal toshi qo‘yilgan edi.

Viloyatning Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlari tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan. Birgina Yakkabog‘ tumanida 1 ming 300 dan ortiq bog‘dorchilik, 500 ta sabzavot-polizchilik fermer xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, ular tomonidan 18 ming tonnadan ortiq meva, 70 ming tonna poliz-sabzavot, 23 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtiriladi. O‘tgan yilda 540 gektar lalmi yerlarda yangi tokzorlar barpo etildi.

Davlatimiz rahbarining “Vinochilik sohasini va alkogolli mahsulotlarni realizatsiya qilishni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, sifatli va raqobatbardosh vinochilik mahsulotlarining eksportini oshirish, shuningdek, ushbu sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish maqsadida Yakkabog‘ tumanida “Davr sharob” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Loyiha qiymati qariyb 33 milliard so‘m bo‘lgan ushbu korxonaga eng zamonaviy xorij texnologiyalari o‘rnatildi. Bir yillik ishlab chiqarish quvvati 400 ming AQSh dollarini tashkil etgan ishlab chiqarish sub’ektida xalqaro talablarga javob beradigan, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ahamiyatli jihati barcha ishlar avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

– Jamiyatimizning 10 yilga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan mahsulot turlari va hajmi yil sayin oshib boradi, – deydi korxona rahbari A’zamjon Xodjaev. – O‘tgan yilning oktabr oyida faoliyat boshladik. 105 yangi ish o‘rni yaratdik. Keyingi bosqichlarda korxonada pivo pishirish, likyor-konyak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi loyihalarning ishga tushishi munosabati bilan hududda uzumning texnik navlarini yetishtirish, sohaga ilg‘or usullarni joriy etish, vino ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha ham chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, zavod qoshida yaxna ichimliklar ishlab chiqarishni ham mo‘ljallayapmiz. Bu loyihamiz amaliyotga joriy qilingandan so‘ng yana qo‘shimcha 50 ish o‘rni yaratiladi. O‘tgan yilda zavod uchun ajratilgan 228 gektar yerga vinobop mahsulotlar tayyorlashga mo‘ljallangan uzum navini ekdik. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi. Maqsad faoliyatni kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish. Mahsulotlarimiz hozircha ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelajakda eksport qilishni ham rejalashtirganmiz.

Shart-sharoit, qulaylik va rag‘bat yangi reja, maqsadlar sari yo‘l ochmoqda. Bu hududlarni yanada rivojlantirish, imkoniyat va shart- sharoitlardan unumli foydalanish, aholi farovonligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi sa’y-harakatlarda o‘z ifodasini topmoqda.