Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulay, tezkor va xavfsiz — poytaxt yuziga ko‘rk qo‘shayotgan  yer usti metrosi
10:22 / 2022-07-30

Yangi O‘zbekistonda inson qadri ustuvor

Vaqt va qulaylik — hozirgi tezkor davrda eng muhim omillardan biriga aylanib bormoqda. Hamisha vaqtdan unumli foydalanib, qulay xizmatlar vositasida ishlarimizga ulgurishga harakat qilamiz. 

Poytaxtimiz Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga ana shunday qulaylikni, vaqtni tejash imkonini taqdim etayotgan muhim jamoat transportidan biri metro faoliyatini alohida e’tirof etish joiz. Yozning ayni jazirama issiq kunlarida salqingina, qishning esa sovuq, qor-yomg‘irli kunlarida issiqqina bo‘lgan metro xizmati eng qulay, bexavotir va xavfsiz hisoblanadi.

“Toshkent metropoliteni” 1972 yilda qurilishi boshlanib, dastlab “Olmazor” bekatidan “Amir Temur xiyoboni” bekatigacha bo‘lgan ilk Chilonzor yo‘nalishi 1977 yilda ishga tushgan. bugungi kunda bekatlar soni 43 taga yetdi. Bir kunda o‘rta hisobda 450-480 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yuzaga keldi.

Bunda Prezidentimizning tashabbusi va qat’iy irodasini alohida e’tirof etish joiz. Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk davrdan boshlab “Toshkent metropoliteni”ning qurilishi to‘xtab qolgan bekatlari hamda yer usti liniyasini barpo etish tashabbusi bilan chiqdi. 2017 yil 19 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, qurilish ishlari jadallik bilan boshlab yuborildi. Bu esa poytaxt aholisini xursand qilib, yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilish imkoniyatini yanada kengaytirdi. 

Metrodan foydalanuvchilar soni qanchaga yetdi?

Poytaxtimiz bo‘ylab yer usti halqa metro liniyalarining barpo etilishi, shubhasizki, eng yirik loyihalardan biridir. Ushbu hayotiy loyiha aholiga qulay jamoat transport xizmatini ko‘rsatish darajasini oshirdi. Ertalabki 5:00dan tungi 00:00ga qadar yo‘lovchilar oqimi tinmaydi. 

— Yurtimizda ilk marotaba estakada uslubida barpo etilgan yer usti metro bekatlari 2020 yildan yo‘lovchilar foydalanishi uchun o‘z xizmatini boshlagan, — deydi “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi matbuot xizmati rahbari Mirakbar Tolipov. — Dastlabki bosqichda barpo etilgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” metro liniyasi 11,7 kmni tashkil etadi. Ushbu yer ustida qurilgan metro bekatlarining Sergeli yo‘nalishida mavjud 5 ta bekatdan iborat yo‘lning umumiy uzunligi esa 6,3 kmdan iborat. Ta’kidlash joizki, “Toshkent metropoliteni” yer usti metro bekatlari va Yunusobod yo‘nalishining davomi sifatida barpo etilgan metro bekatlarining hisobiga ayni vaqtda 43 ta metro bekatidan iborat bo‘ldi. Jami uzunligi esa 59,5 kmga yetdi. Agar avvalgi holat bilan solishtiradigan bo‘lsak, ushbu bekatlar barpo etilguniga qadar 29 ta bekatdan tashkil topgan 39 km masofadan iborat edi. Endilikda yer usti halqa yo‘li metro yo‘nalishi “Qo‘yliq” metro bekatidan Sergeli yo‘lining 5-bekatiga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Ushbu bekatlar to‘liq qurib foydalanishga topshirilganidan so‘ng “Toshkent metropoliteni”ning umumiy uzunligi 70 kmdan ortiq bo‘ladi.

Metro liniyalarining chekka hududlardagi aholi manzillariga qadar yetib borishi, bekatlar sonining ko‘payishi, avvalo, undan foydalanadigan yo‘lovchilar oqimiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ya’ni, ayni paytdagi yo‘llar to‘liq ishga tushirilguniga qadar kunlik yo‘lovchi oqimi 230-280 ming nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirga kelib kunlik yo‘lovchilar oqimi 450-480 mingni tashkil etmoqda.

[gallery-8077]

“Otim oriq — manzilimga yetolmayman...” — eski zamonda qoldi

Yuqorida vaqt va qulaylik haqida to‘xtalgan edik. Darhaqiqat, bugun transport sohasidagi zamon talablaridan eng muhimi tezkorlik va qulaylikdir. bugungi kunda shahrimiz ko‘chalarida kunora ko‘payib borayotgan mashinalar soni, yuzaga kelayotgan tirbandliklar, avtobus kutib qolish kabi holatlar anchagina vaqtingizni o‘g‘irlaydi. Asabni tirriq qilishi esa yana bir muammo. Bu kabi manzaralar, odamning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda vaqtning zoye ketishi metro xizmatiga umuman begona. Tirbandlik ham demaysiz, avtobus ham kutmaysiz, asablar ham joyida. Bir kunda qariyb 500 mingga yaqin yo‘lovchini o‘z manziliga qulay va shinam sharoitda, eng muhimi, yeldek uchib, tezda yetkazish “Toshkent metropoliteni”ning asosiy maqsadi.

— Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, qulaylik yaratish, ularni rozi qilish eng muhim vazifalarimizdandir, — deydi “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi matbuot xizmati bosh mutaxassisi To‘ychi Mirzayev. — Ayni paytda “Toshkent metropoliteni” tomonidan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida umumiy soni 15 tani tashkil qiluvchi so‘nggi rusumdagi zamonaviy harakat tarkiblari xarid qilingan va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu yangi tarkibdagi vagonlarda sovutish va isitish tizimlari mavjud bo‘lib, yozda salqin, qishda issiq sharoitlarda yo‘lovchilar o‘z manziliga yetkaziladi. Bundan tashqari, ushbu vagonlar yorug‘, shinam, qulay, o‘rindiqlari yetarli, nogironligi bor yo‘lovchilar uchun ham maxsus o‘rindiqlar mavjud. 2022 yil yakuniga qadar Rossiya Federatsiyasining “Metrovagonmash” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy uslubdagi yana 14 ta harakat tarkibi harid qilinishi rejalashtirilgan. Bu esa poyezdlar vaqt intervalini qisqartirishga, yanada tezkor xizmat qilishga zamin bo‘ladi. 

Masalan, “Toshkent metropoliteni” hozirgi vaqtda poyezdlar kutish vaqt intervalini quyidagicha belgilagan: ertalabgi hamda kechki tig‘iz vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida 3-4 daqiqani, O‘zbekiston yo‘nalishida 4-5 daqiqani, Yunosobod yo‘nalishida esa 7 daqiqani tashkil etmoqda. Yangi harakat tarkiblari harid qilinib, foydalanishga topshirilganidan so‘ng bu ko‘rsatkichlar yana 1 daqiqaga qisqarishi rejalashtirilgan.

Qulaylik va imtiyozlar

Mabodo hamyoningizda naqd pulingiz qolmagan, faqat bank palastik kartangiz yoki transport kartangiz bo‘lsa, xavotir olmang. Siz metropolitendan bemalol foydalana olasiz. Aslida bu yangilik bo‘lmay qoldi. Xorijiy tajribalar o‘rganilgan holda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilganiga ancha bo‘ldi. 

Ushbu to‘lov tizimi yo‘lga qo‘yilgandan buyon yo‘lovchilarning kassalar oldidagi turnaqator navbatlariga ancha barham berildi. Foydalanuvchi o‘z mobil qurilmalari orqali transport karta hisobini to‘ldirgan holda to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, bir necha turdagi bank kartalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, NFC tizimi, ya’ni smartfonlar orqali Click, Payme va shu kabi ilovalar orqali telefondan to‘lash tizimi joriy qilingan. 

Zamon talablariga mos ravishda metro yo‘lovchilariga ko‘plab qulayliklar yaratilmoqda. Masalan, “Alisher Navoiy” va “Ming O‘rik” metro bekatlarida tibbiyot xonalari hamda “Chilonzor” metro bekatida ona va bola xonasi hamda hojatxona barpo etilganini alohida e’tirof etish lozim. 

Bundan tashqari, metropoliten yo‘lovchilariga qulay bo‘lishi uchun zamonaviy uslubdagi va qulay yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish ishlari ham doimiy e’tiborda. Bu borada yer usti metro bekatlarida ko‘zi ojiz yo‘lovchilar uchun vagondan chiqish joyida maxsus plitkalar o‘rnatilgan bo‘lib, plitka orqali metro bekatidan ko‘chagacha chiqib ketishlari mumkin.

Metropoliten matbuot xizmati vakillarining ma’lum qilishicha, soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan oraliqda metropolitendan foydalanuvchi pensionerlarga imtiyozlar taqdim etilgan. Ya’ni, pensionerlar shu vaqtda hech qanday to‘lovlarsiz metro xizmatidan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, o‘quvchi, talaba va nafaqaxo‘rlar uchun imtiyozli transport kartalari mavjud.

Yo‘lovchilar nima deydi?

Yer usti halqa metro liniyalarining barpo etilishi shaharning u chekkasidan bu chekkasiga boradigan yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilyapti. Shahar markazidan uzoqroq, jamoat transportida borish ancha mushkul va ko‘p vaqtni oladigan hududlarga metro liniyasining yetib borgani o‘sha hududlar aholisini yanada quvontirdi, mushkullarini oson qildi, ovoragarchiliklarining oldi olindi. Yo‘lkira uchun ortiqcha sarf-xarajatlar tejaldi.

– Sergeli yo‘lining 4-bekatidan chiqib, O‘zbekiston yo‘li orqali “Toshkent” metro bekatida tushaman, – deydi yo‘lovchilardan biri I.Xudoyorov. – Chamasi 30 minut vaqt sarflanadi. Agar bu masofaga yengil mashinada bo‘lsa, 50-50 minutdan sal ko‘proq yurish mumkin. Avtobusda esa bemalol 1,30 soat ketadi. Demak, avtobus va metro bilan borish o‘rtasida bir soat farq bor. Bu bir soat ichida qancha ishga ulgurish mumkin. Sergelida yer usti metro liniyasining qurilishi men kabi har kuni ishga qatnaydigan qanchadan-qancha aholi uchun juda katta qulaylik yaratdi. Yer usti metro yo‘li ishga tushgandan keyin yangi olib keltirilgan zamonaviy vagonlarning qulayligini aytmaysizmi!? Ayni yozning chillasida muzdekkina vagonda, terga botmasdan orastagina ishga borasiz. Qish kunlarida esa issiq haroratda, yog‘in-sochinli kunlarda shalabbo bo‘lmay, yana bexavotir yurasiz. Sergeli yer usti metro yo‘li ishga tushgandan beri ana shunday qulaylik va shinamlik hamrohligida, xotirjam, eng muhimi, qisqa vaqtda ishxonamga yetib boraman.

– Ba’zida jamoat avtotransportini kutib turish, kutganinga yarasha chiqolsang xo‘p-xo‘p, agar chiqa olmay qolsang, keyingisini poylaysan, yana shaharning yarmini aylanib, manzilinga borasan, – deydi “Do‘stlik – Qo‘yliq” metro liniyasida suhbatdosh bo‘lgan yo‘lovchimiz M.Shoumarova. – Shahrimiz ko‘chalarida, ayniqsa, ertalabki va ishdan qaytadigan paytdagi tirbandliklar ham ta’bingizni xira qiladi. Bunaqa tirbandliklar oqibatida yoqilg‘i sarfi ortib, atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqishi ham bir katta muammo. Yo‘lovchilar manziliga kechikib, asabiylashadi. Bunaqa sharoitda ishdagi charchoq bir tomon, yo‘l charchog‘i bir tomon bo‘ladi. Xayriyatki, “Do‘stlik – Qo‘yliq” yer usti metro liniyasi ishga tushgandan buyon bu kabi sarsongarchilik, asabbuzarliklarimiz aridi.  “Do‘stlik-2” metro bekatidan “Qo‘yliq” metro bekatigacha bo‘lgan masofa 16 minutda bosib o‘tiladi. Yo‘l bo‘yi shahrimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorliklarni tomosha qilib ketasiz. Bunaqa imkoniyatlar bo‘lishi xayolimizga ham kelmagan. Poytaxtimiz bo‘ylab yer usti metro liniyasining barpo etilishi shahrimiz aholisi va mehmonlari uchun katta voqelik bo‘ldi. 

Darhaqiqat, bugun poytaxt aholisi qulay metro xizmatidan samarali foydalanib, olis manzillari ham yaqin bo‘lganini aytishmoqda. Yer usti liniyasidagi har bir bekatlar milliy va zamonaviy dizayn asosida pardozlangani, zamonaviy texnologiyalar, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangani yo‘lovchilar uchun qulay imkoniyatlarni taqdim etayotir. 

Yon-atroflarining obod va go‘zal maskanga aylantirilgani esa ko‘rgan ko‘zni quvnatadigan darajada. Bugun bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlar amalga oshirilayotganidan, qulay va tezkor metro xizmatidan foydalanish imkoniyati ortayotganidan aholining ko‘ngillari tog‘ qadar yuksalmoqda. 

Muhtarama Komilova, O‘zA