Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulay muhit – biznes rivojining kaliti
17:12 / 2015-08-07

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining izchil ijrosi iqtisodiyotimizni barqaror yuksaltirishda mustahkam asos vazifasini bajarmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qabul qilingan 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturining izchil ijrosi iqtisodiyotimizni barqaror yuksaltirishda mustahkam asos vazifasini bajarmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanibgina qolmay, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari kuzatilgani buning yaqqol isbotidir.

Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz 5,5 barobardan ortiq o‘sgani, aholining real daromadlari jon boshiga hisoblaganda qariyb 9 barobar oshgani ana shunday sa’y-harakatlar natijasidir. Bu jarayonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi yuqori bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning 56 foizdan ortig‘i mazkur tarmoq hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, soha vakillariga zarur imtiyozlar berilayotgani muhim omil bo‘layotir. Jumladan, joriy yilda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 8 foizdan 7,5 foizga tushirilgan bo‘lsa, mikrofirma, kichik korxonalar hamda fermer xo‘jaliklari uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 15 foizga, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi kichik biznes subyektlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga kamaytirildi.

Ishbilarmonlik muhitining tobora yaxshilanayotgani aholining sohaga bo‘lgan qiziqishi yanada kuchayishiga olib kelmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 15,2 mingta yangi kichik biznes subyekti tashkil etilgani, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,3 foiz ko‘pligi buning isbotidir. Eng muhimi, sohada band bo‘lganlar salmog‘i o‘sib bormoqda. Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida joriy yilning birinchi yarmida 441,8 ming ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, uning asosiy qismi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri keldi.

– Tadbirkorlik subyektining faqat tashkil etilishi emas, uning qulay muhitda faoliyat ko‘rsatib keta olishi muhimdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zarif Aminov. – Yangi ish boshlagan ayrim tadbirkorlar bank munosabatlarida, soliq to‘lash va hisobot topshirishda yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagani bois biroz qiynaladi. Shuni hisobga olib tadbirkorlarga bu borada o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilayotgani soha vakillari va ularning iqtisodiyotdagi ulushi ortishiga zamin yaratmoqda.

Bunda milliy axborot-kommunikatsiya tizimi rivojlantirilayotgani, davlat organlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlar kontaktsiz elektron shakllari joriy etilayotganining ahamiyati beqiyos. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga ayni paytda davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi davlat hokimiyatining 650 organi, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ulangani tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratdi. Endi ular bitta sayt orqali har qanday murojaatni kerakli organga jo‘natib, unga o‘z vaqtida javob oladi. Chunki bu tizimda har bir murojaatning ko‘rib chiqilishi monitoringi mavjud.

Soliqqa oid masalalarda tadbirkorlar nafaqat ushbu tizim, balki Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlardan unumli foydalanayotir. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq va moliyaviy hisobotlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyotining joriy etilgani ishbilarmonlarga qator qulayliklar yaratish bilan birga hisobotlarni o‘z vaqtida qabul qilish, qayta ishlash, davlat byudjetiga undiriladigan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlarni tezkor tahlil qilishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yildan tadbirkorlik subyektlaridan soliq hisobotlari to‘liq elektron ko‘rinishda qabul qilinmoqda. Buning afzalligini ko‘p misollarda ko‘rish mumkin. Agar avvallari hisobotni shakllantirish va topshirishga kamida 2-3 soat vaqt sarflanib, navbat kutishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir bu jarayon bir necha daqiqada yakuniga yetkaziladi.

Yana bir yangilik: yaqinda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Markaziy bank bilan hamkorlikda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni bank muassasalariga bormasdan, masofadan turib, ya’ni onlayn tartibda to‘lash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.

Tizimning afzalligi shundaki, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlarini tayyorlab, elektron shaklda jo‘natganidan so‘ng hosil bo‘lgan soliq majburiyati summasini to‘lashga ixtiyoriy rozilik berishi bilan to‘lov topshiriqnomasi avtomatik ravishda shakllanib, soliq to‘lovchining hisob raqamiga xizmat qiluvchi tijorat bankiga himoyalangan aloqa kanallari orqali yetkaziladi. Agar hisob raqamda pul mablag‘i yetarli bo‘lsa, shu zahotiyoq to‘lov amalga oshirilib, soliq to‘lovchining shaxsiy kartochkasiga qayd etiladi yoki to‘lov topshiriqnomasi 2-kartotekaga olinib, bu haqda tadbirkorga elektron xabar yuboriladi. Muhimi, ushbu xizmatdan foydalanish bepul va u uzluksiz ishlaydi.

Bu imkoniyatlar elektron raqamli imzoni olish va undan foydalanishda qator qulayliklar yaratilayotgani tufayli rivojlanmoqda. Bunga davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yo‘l ochdi. Farmonga asosan 2015-yilning iyun oyidan boshlab Davlat soliq qo‘mitasining yagona elektron raqamli imzoni ro‘yxatga olish markazi tomonidan beriladigan elektron raqamli imzodan davlat va boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha xizmatlarda erkin foydalanish imkonini beruvchi tartib o‘rnatildi.

Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan barcha elektron xizmatlardan erkin foydalanish hamda davlat organlari faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar, axborot tizimining rivoji nafaqat aholi va tadbirkorlar, balki mutaxassislar e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazlari ekspertlari tomonidan yuzdan ortiq davlat, xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holati baholangan reytingda Davlat soliq qo‘mitasi birinchi o‘rinni egalladi.