Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulay ishbilarmonlik muhiti – aholi bandligida muhim omil
16:16 / 2016-12-20

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida aholining ish bilan bandligidagi sifat o‘zgarishlari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida aholining ish bilan bandligidagi sifat o‘zgarishlari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mehnatga layoqatli yoshga yetmaganlar 1990-yilda mamlakatimiz aholisining 42,9 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 foizni tashkil qilgan. Mehnatga layoqatli yoshdagilar esa mos ravishda 49 foizdan 61 foizgacha oshgan.

Mehnat bozoridagi muvozanatning barqarorligini saqlash va fuqarolarning bandligini ta’minlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida har yili Oliy Majlis palatalari tomonidan aholi bandligi dasturi tasdiqlanib, amalga tatbiq qilinmoqda.

Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish siyosatini bosqichma-bosqich amalga oshirish natijasida bandlikning sohalar bo‘yicha tarkibida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. 1991-yilda ish bilan band bo‘lganlarning 42 foizi qishloq xo‘jaligida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda xizmat ko‘rsatish va transport sohalarida band bo‘lganlar qariyb 50 foizga yetgan.

Aholi bandligidagi kuzatilayotgan sifat o‘zgarishlarida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohani jadal rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Iqtisodiy o‘sishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida xususiy tadbirkorlik yuqori o‘sish sur’atlariga erishish va iqtisodiyotni jadal diversifikatsiyalashda muhim rol o‘ynadi. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlik deyarli bo‘lmagan. Bugunga kelib mamlakat yalpi ichki mahsulotining yarmidan ko‘pi kichik biznes sohasida yaratilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 40 foizidan ortig‘i, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi shu soha hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bugungi kunda ish bilan band aholining 78 foizi xususiy sektorda mehnat qilayotgani, aholi jami daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromadlarning ulushi 52 foizdan oshayotgani sohaning ahamiyati salmoqli bo‘layotganidan dalolat beradi.

Ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, kichik biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlanishini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida 2016-yilning 11 oyi davomida 29,2 mingta yangi kichik biznes subyekti ro‘yxatga olindi. Ularning ko‘pchiligi sanoat va qurilish sohasiga taalluqlidir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining ahamiyati alohida qayd etildi.

– Mazkur hujjat xususiy mulk himoyasi kafolatlarini yanada kuchaytirish, tadbirkorlik rivoji yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, davlat organlari mansabdor shaxslarining ular faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va noqonuniy aralashuvi uchun javobgarlik muqarrar ekanini ta’minlashga qaratilgan, – deydi Iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i D.Abduazizov. – Farmon bilan beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 42 aniq chora-tadbirni amalga oshirishni nazarda tutuvchi dastur tasdiqlandi.

Farmon doirasida yangi qonunlar, jumladan, «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida», «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida», «Davlat xaridlari to‘g‘risida» va «Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlar, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan 30 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.