French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qulay huquqiy sharoit va rag‘bat samarasi
16:21 / 2015-10-05

Mamlakatimiz iqtisodiyotining izchil taraqqiyotida tadbirkorlik rivojiga alohida e’tibor qaratilib, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit ta’minlab berilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz iqtisodiyotining izchil taraqqiyotida tadbirkorlik rivojiga alohida e’tibor qaratilib, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit ta’minlab berilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Zero, unda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarga barham berish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini yanada oshirish uchun qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga oid aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida tadbirkorlikka oid qonunchilik va uning ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bu borada qilinayotgan ishlar tahlil etildi.

Adliya vazirligi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Saidov va boshqalar yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000-yildagi 31 foiz o‘rniga 56 foizga yetganini ta’kidladi. Sohaga oid qonunchilik takomillashayotgani tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratayotir. O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Davlat organlarining xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini cheklashga doir izchil choralar ko‘rildi. Iqtisodiy islohotlarning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish orqali xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali mexanizm yaratildi.

Joriy yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga binoan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatiga daxl qiladigan qirqdan ziyod qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Undagi huquqiy me’yor va qoidalar mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini ravnaq toptirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirishga mustahkam zamin yaratdi.

Adliya vazirligi mazkur qonun ijrosini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotir. Bu borada prokuratura organlari bilan hamkorlikda joylarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishga oid holatlar o‘rganilmoqda. Joriy yilda o‘tkazilgan o‘rganishlarda nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlar faoliyatida 150 noqonuniy tekshirish o‘tkazgani, mingdan ortiq holatda tekshirishni o‘tkazish tartibi buzilgani, qirqdan ortiq holatda tadbirkorlarning mablag‘lari noqonuniy jalb etilgani va ko‘plab holatlarda litsenziya va ruxsatnoma berish tartib-taomillariga rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan bunday holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rildi.

Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlarining buzilishi, vakolatlar doirasidan chetga chiqish, qonun hujjatlari normalarini noto‘g‘ri talqin qilish holatlarini tizimlashtirish uchun ma’lumotlarning yig‘ma bazasini shakllantirish maqsadida idoralararo kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

“Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron shakli joriy etilgani tadbirkorlarning qonuniy xuquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda. Chunki bu tizim o‘tkazilayotgan tekshirishlar ustidan to‘liq monitoring o‘rnatish va uning qonuniyligi bo‘yicha nazoratni ta’minlash imkonini bermoqda. Tadbirda ushbu tizimdan foydalanish tartibi xususida ham tushuntirish berildi.

Adliya tizimida joriy etilgan 1008 raqamli “ishonch telefoni” tadbirkorlik subyektlariga o‘zlarining buzilgan huquqlari haqida zudlik bilan murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi. 2015-yilning birinchi yarmida tadbirkorlik subyektlaridan to‘rt yuzga yaqin murojaat qabul qilinib, tegishli tartibda ko‘rib chiqildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.