French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qubo yodgorliklari sayyohlarni chorlaydi
12:28 / 2026-01-15

Qadim Turon hududida Buyuk ipak yo‘lida o‘nlab yirik shaharlar, savdo-tijorat va hunarmandchilik markazlari bo‘lgan. Ularning biri, shubhasiz, Farg‘ona vodiysi markazidagi Qubo shahristonidir. Qubo shahristoni hozirgi Quva shahri hududida joylashgan bo‘lib, miloddan avvalgi III-II asrlardan to o‘rta asrlariga qadar mavjud bo‘lgan yirik shahar xarobalarini o‘z ichiga oladi. Ayrim manbalarda u Qubo, Kubo, Kuva nomlari bilan atalgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha va olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra Qubo shahristoni hunarmandchilik gullab- yashnagan, Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi yirik shaharlardan biri bo‘lgan.

– Quva yodgorligini o‘rganish 1957-1958 yillarda akademik Yahyo G‘ulomov boshchiligida katta arxeologik ekspeditsiya bilan boshlangan, – deydi FarDU professori Muhammadjon Isomiddinov. – O‘shanda rus arxeologi Bulatova Quva yodgorligini o‘rganib, shu to‘g‘risida katta monografiya chiqargan. U shu paytgacha yirik monumental ish bo‘lib keldi. 1998 yilda esa qazilma natijasida o‘rta asrlarga oid yo‘l, alohida xonalar, mahalla ochilgan. Afsuski, uning tomi ochiq qolganligi sababli hozirga kelib hammasi vayronaga o‘xshab qolgan.

Sho‘rolar zamonida, keyin mustaqillikning dastlabki o‘n yilligida Qubo shahristonida arxeologik qazishmalar olib borildi, lekin tez orada to‘xtab qolgandi. So‘nggi yillarda esa u yana arxeologlar e’tiboriga tushdi. Bunda Farg‘ona davlat universiteti olimlari va viloyat hokimligi tashabbusini alohida ta’kidlash lozim.  

– Bu yerda qadimgi turkiy xalqlarning ajdodlari yashaganligini ko‘rsatib beruvchi ko‘plab ma’lumotlar bor, – deydi professor Bahriddin Usmonov. – Shunday Farg‘onaga qo‘shni bo‘lgan Toshxosh vohasida juda katta Qang davlati shakllangan. Juda ko‘p olimlarning fikricha, uni turkiy xalqlarning ajdodlari barpo qilishgan. Aynan mana shu Qang davlatidagi madaniyat belgilari Farg‘ona vodiysida ham juda ko‘p uchraydi. Bu esa Farg‘ona vodiysida turkiy xalqlarning ajdodlari qadimdan yashaganini ko‘rsatib beruvchi asosiy ma’lumotlardan biri.

– Yevroosiyo mintaqasida juda katta chorvador qabilalarning migratsiyasi kuzatiladi. Xonlar, vujiylarning yurishlari... Ana shu jarayon Farg‘ona vodiysida ham kechgan va birdaniga shaharlar paydo bo‘lgan. Xorazmda Ayaz qal’a yodgorligi bor. Bular ikkalasi bir xil, romb shaklida. Ikkinchidan, o‘sha davrda katta-katta davlatlar paydo bo‘ladi. O‘rta Osiyoda Qanglar davlati. Unda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo hududlarini qamrab olgan 5 ta ko‘chmanchilar birlashmasi bo‘lgan. Yozma manbalarda Farg‘ona Qang bilan qo‘shni sifatida, ya’ni u bilan ittifoq tuzgan davlatlar sifatida tilga olinadi, – deydi professor Mutalib Hasanov.

Qubo shahristoni an’anaviy tarzda ark (hokimiyat qarorgohi), shahriston (aholi yashagan asosiy qism), rabod (hunarmandlar va savdo hududi) qismlaridan iborat bo‘lgan. Bu yerda ochiq osmon ostidagi muzey loyihasi amalga oshiriladi. Buning uchun ish yodgorlikning Xonsaroy va Ark qismidan boshlanadi.

–Xitoy yozma manbalarida atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan dovonda 70 dan ortiq shahar bor ekan, degan ma’lumot bor, – deydi professor Mutalib Hasanov. –Bir xil turdagi shaharlarning birdaniga paydo bo‘lishi juda katta migratsiya bilan bog‘liq. Miloddan avvalgi 4-3 asrlarda vodiyda Mingtepa, Eylaton, Axsikent kabi shaharlar birdaniga paydo bo‘ldi. Quva ham ana shular tengdoshi. Miloddan avvalgi 3-2 asrlarda Shahriston 12 gektar, yana 2 gektar saroy bilan qad ko‘targan.

– Arkdagi imoratlar nisbatan yaxshi saqlangan. Sababi tepaga transport vositalari chiqib nam paytida bosmagan. Natijada imoratlarning qoldiqlari bu yerga nisbatan ancha yaxshi saqlangan, – deydi Muhammadjon Isomiddinov.

– Biz turgan joy Quva shahristonining shimoliy darvozasi hisoblanadi, – deydi doktorant Nasibullo Qambarov. –Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti bilan Farg‘ona davlat universiteti hamkorlikda 2023 yildan boshlab qidiruv tadqiqotlarini boshladi. Tavshan metodikasi orqali Shahristonning shimoliy va g‘arbiy mudofaa devorlarining buzilib ketgan qismlarini ta’mirlash orqali uning poydevor qismi aniqlandi.  

– Arab yozma manbalarida hokim saroyi va boshqa yondosh inshootlar o‘rnida juda katta jom’e masjidi qurilganligi to‘g‘risida xabar bor, – deydi olim Muhammadjon Isomiddinov. – 2022 yilda biz ochgan joyda temirchilik, shishasozlik, kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqish rivojlangan. Masalan, shishaning qalinligi nihoyatda nozik edi. Bularni o‘rganish uchun yana ekspeditsiya uyushtirishga muhtojmiz.  

Qubo milodiy VII-VIII asrlarda Farg‘onaning yirik madaniy, hunarmandchilik va savdo markazi sifatda mashhur edi. Arab manbalarida Qubo buddaviy ibodatxonalari mavjud shahar sifatida qayd etilgan.

– Bu yerda qazishmalar natijasida yer sathidan 40 sm chuqurlikdayoq budda haykalining yiqilgan qismi aniqlangan, – deydi dotsent Alisher Alioxunov. – Yana bir qancha buddaviylik diniga taalluqli bo‘lgan haykalchalar ham topilgan. Ular restavratsiya qilinib, O‘zbekiston davlat tarix muzeyi hamda O‘zbekiston davlat san’at muzeyiga topshirilgan.

Qubo shahristonida olib borilgan qazishmalar natijasida shahar devorlari, ibodatxona, turar joylar, kulolchilik buyumlari, tangalar va turli maishiy ashyolar topilgan.

Ayniqsa, budda ibodatxonasi qoldiqlarining aniqlanishi Farg‘ona vodiysida buddaviy madaniyat keng tarqalganini tasdiqlaydi.

– Qazuv ishlari davomida ushbu yo‘l saroyni ibodatxona bilan bog‘laydigan asosiy yo‘l ekanligi tasdiqlandi hamda mudofaa devori bilan saroy oralig‘ida eshik bo‘lganligi ham tasdiqlandi, – deydi Nasibullo Qambarov.

Qubo shahristonida Farg‘ona davlat universiteti olimlari tomonidan o‘rganish ishlari qaytadan boshlandi. Bunda ular xitoylik arxeolog hamkasblarini hamkorlikka oldilar.

– Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti bilan shartnoma imzoladik, – deydi Farg‘ona davlat universiteti prorektori, professor Yusufjon Ahmadaliyev. – Quva shahristonida Loyan arxeologiya instituning professori Lyu Bin boshchiligida tadqiqot olib borildi. Keyin ikkinchi institut – Xitoyning shimoliy g‘arbiy universiteti olimlari kelishdi. Professor Vang rahbarligida ikkinchi ekspeditsiya bu yerdagi tadqiqotlar rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tardi.  

– Shansi arxeologik tadqiqotlar instituti eng faol hamkorlarimizdan biri sanaladi, – deydi dotsent Nargiza Alimova. –Ular bilan birgalikda olib borilgan hamkorlik doirasida ilmiy markaz, muzey, Farg‘ona – Shansi restavratsiya markazi tashkil qilindi.  2024-2025 yillarda 2 nafar professor o‘qituvchi hamda 16 nafar talabalarimiz aynan Shimoliy g‘arbiy universitet,  Muyan xalqaro universitetida amaliyot o‘tab qaytdilar, o‘zaro tajriba almashdilar.

Qazishma ishlarida topilgan asori-atiqa va ashyolarni saqlash uchun universitet tarix fakulteti qoshida maxsus muzey tashkil etdilar.

– Bu laboratoriyamizda Quva shahristonidagi topilmalar, ya’ni ko‘za va shisha buyumlarini talabalar va tadqiqotchilar birgalikda qayta  restavratsiya qilishmoqda, – deydi tarix fakulteti dekani Husniddin Jo‘rayev. – Qazishma ishlarida topilgan ko‘za, sopol, shisha buyumlaridan muzey ham tashkil qilindi.

Bugunga kelib arxeologiya sohasidagi hamkorlik kengroq miqyosda davom ettirilmoqda.

–Xitoyga har yili 20 nafar talabaimiz arxeologiya bo‘yicha amaliyot o‘tash uchun yuboriladigan bo‘ldi. Farg‘ona davlat universitetida 3 ta yangi, zamon talablariga javob beradigan laboratoriya tashkil qilindi, – deydi Yusufjon Ahmadaliyev.  

Ma’lumki, Qubo shahristoni kabi tarixiy obidalarda har qanday qazish, ta’mirlash, tadqiqot ishlari mamlakat Madaniy meros agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ammo...

– Bizda, Madaniy meros agentligining tashkilotlarida bitta ham arxeolog yo‘q. Qanday qilib arxeologiya mutaxassisligi bo‘lmagan odamlar turli arxeologik qazilmalar ustidan rahbarlik qilishi mumkin, – deydi professor Muhammadjon Isomiddinov.

Shunga qaramay, Qubo shahristonida ezgu ishlar boshlab yuborildi. Yaqin kelajakda u yurtimizning yana bir sayyohlik markaziga aylanishi kutilyapti.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/0O9guxrm5B0?si=JcH-ymcOLoiqSGKF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat),  

O‘zA