Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
QR-kod — shaffof iqtisodiyot sari qadam
20:51 / 2026-02-13

Joriy yilning 27-yanvar kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy jarayonlarning shaffofligini ta’minlash, byudjet tushumlarini oshirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyatida raqamli nazorat mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 11 ming 98 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Olib borilgan tushuntirish va amaliy ko‘mak ishlari natijasida ularning 9 ming 998 nafari yagona QR-kodli to‘lov tizimiga ulandi. Yaqinda yana 109 nafar tadbirkor mazkur platforma orqali ish boshladi. Qolgan sub’ektlar bilan ham bosqichma-bosqich ishlar davom ettirilmoqda.

— QR-kodli tizim — bu shunchaki to‘lov usuli emas, balki iqtisodiy intizom va adolatli raqobatni ta’minlash vositasi bo‘lib, tadbirkor va iste’molchi o‘rtasidagi hisob-kitobni to‘liq raqamlashtiradi. Bu esa har bir operatsiyaning ochiq va nazoratda bo‘lishini ta’minlaydi, — deydi  Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Bobir Ismoilov. — Eng muhimi, tadbirkorning o‘zi ham o‘z aylanmasini aniq ko‘radi, hisob-kitobda xato va tushunmovchiliklar kamayadi. Natijada byudjet tushumlari oshadi, “soya”dagi aylanma qisqaradi.

[gallery-27655]

Shu kunlarda soliq organlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan “Ko‘k saroy” ixtisoslashgan savdo kompleksida o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida ayrim tadbirkorlar QR-kodli tizimdan to‘liq foydalanmayotgani, ayrim naqd savdolar platformada aks ettirilmagani ma’lum bo‘ldi. Tushuntirish ishlaridan so‘ng kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

— Bizning maqsadimiz jazolash emas, avvalo ogohlantirish va ko‘mak berish, — deya qo‘shimcha qiladi boshqarma boshlig‘i. — Norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish, onlayn-NKT cheklarini berish, xodimlarni rasmiylashtirish — bular tadbirkorning o‘zi uchun ham manfaatli. Qonuniy faoliyat yuritgan sub’ekt har qanday tekshiruvdan qo‘rqmaydi.

O‘rganishlar davomida ayrim hollarda yollanma xodimlarni rasmiylashtirmaslik, soliq hisobotlarida ular sonini to‘liq ko‘rsatmaslik kabi holatlar ham qayd etildi. Mutaxassislar tomonidan bu borada amaliy tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash joiz, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish — bu faqat nazorat emas, balki barqaror iqtisodiy muhitni shakllantirish masalasidir. QR-kodli to‘lov tizimining 90 foizdan ortiq joriy etilgani esa Jizzaxda raqamli iqtisodiyotga o‘tish izchil va qat’iy yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari