Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston biznes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Savdo-sanoat palatasi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda soha mas’ullari va ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Dastavval Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov palataning yangi missiyasi – ishbilarmonlik muhitini yaxshilash orqali O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish missiyasini taqdimot qildi.
– Bizning yangi missiyamiz – ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va palata a’zolarining faolligini oshirish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shishdir, – dedi D.Vahobov. – Savdo-sanoat palatasi huzurida eng ilg‘or xalqaro tajribalar asosida tarmoq qo‘mitalarini tashkil etish orqali tadbirkorlar bilan muloqotlar olib boriladi. Ularning biznesi uchun xizmat turlarini kengaytirib, yanada yaxshiroq xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Hududlarda palataning moslashuvchan tashkiliy tuzilmasi va xususiy sektorning «qiymatini oshirish»ga alohida e’tibor qaratiladi.
[gallery-7114]
Ta’kidlash joizki, yangilanishlarni muhokama qilishning o‘ziga xos interaktiv formati o‘z natijasini bermoqda. Avval o‘tkazilgan bu kabi o‘zaro muloqotda SSP mamlakatning 100 ta eng yirik eksportyori o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan edi. Unga ko‘ra, ishtirokchilarning 90 foizi qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarilmaslik biznes va umuman iqtisodiyotning faol rivojlanishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi, deb hisoblagan.
Tadbirda Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi vakillari QQSni qaytarish bo‘yicha mavjud muammolar va yechimlar haqida ma’ruza qildi.
– Bugun tadbirda qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish masalasi muhokama etildi. Albatta, bu dolzarb mavzu. Dolzarb bo‘lgani uchun tadbirkorlar juda ko‘p munosabat bildiryapti. Ayrim tadbirkorlar qonunchilikni yaxshi bilmagani uchun Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari bu masalani tushuntirib berdi. Shuningdek, tizimli muammolarni hal etishga ham e’tibor qaratildi. Davlat soliq qo‘mitasi QQSni pilot rejimida ishlatyapti. QQSni amaliyotga tatbiq etish uchun nima qilish kerak, degan savolga tadbirkorlarning o‘zlari takliflar beryapti. Aslida, QQS bo‘yicha islohotlarni 2019 yildan boshladik. Bunda ko‘p jarayonlar avtomatlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sotuvchilar tomonidan savollar tug‘ilyapti. bugungi tadbir ishtirokchilari QQSni nima uchun tatbiq etish kerakligini tushunyapti, lekin ana shu targ‘ibot ishlarini oldinroq boshlaganimizda bunday savollar tug‘ilmas edi, – dedi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA