Navoiy viloyat davlat soliq boshqarmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “2022 yilda viloyat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Boshqarma boshlig‘i Anvarjon Botiraliyev 2022 yilda viloyat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2022 yilda viloyat byudjet daromadlari prognozi 1 trillion 535,1 milliard so‘m o‘rniga 1 trillion 690,6 milliard so‘mga, mahalliy byudjet daromadlari prognozi 2 trillion 021,6 milliard so‘m o‘rniga 2 trillion 268,2 milliard so‘mga bajarilib, 246,6 milliard so‘m mablag‘ mahalliy byudjet ixtiyorida qoldirildi.
[gallery-10408]
– “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy ko‘mak berish, faoliyatini tiklashi uchun munosib yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi A.Botiraliyev. – Jumladan, 3185 ta tadbirkorlik sub’ektiga ortiqcha xarajatlar va qonun buzilishlaridan saqlash maqsadida hisobotlarini to‘ldirish va topshirishga ko‘maklashildi. Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarining 2487 tasiga faoliyat turidan kelib chiqib, optimal soliq rejimi tanlab berildi. Shuningdek, aylanma mablag‘ga muhtoj bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga 1 milliard 95 million so‘m kredit olinishiga ko‘maklashildi.
bugungi kunda viloyatda 5134 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi mavjud bo‘lib, 2022 yil yakuni bilan 376 ta QQS to‘lovchilarga 176,8 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan salbiy farq summasi ularning hisob raqamiga qaytarib berildi. Natijada tadbirkorlarning aylanma mablag‘i yana ortishiga imkoniyat yaratildi.
– Yashirin iqtisodiyot mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida asosiy xavf tug‘diruvchi omillardan biridir. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotning oldini olishga alohida e’tibor qaratilib, har bir tadbirkorning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgan, – deydi boshqarma boshlig‘i. – Yakunlangan yilda norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish maqsadida o‘rganishlar o‘tkazilib, 22 ming 765 nafar xodimning rasmiy bandligi ta’minlandi. Natijada, 2022 yilda byudjetga 4 milliard 813 million so‘m soliq to‘landi.
Soliq to‘lovchilarning murojaatlariga asosan o‘rnatilgan tartibda soliqlarni to‘lash muddatlarini kechiktirish, ya’ni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berish bo‘yicha 2 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektining 1,2 milliard so‘mlik soliq qarzini to‘lash muddatini o‘zgartirish yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i guvohnomasi vaqtinchalik to‘xtatilgan 183 ta paxta-g‘allachilik fermer xo‘jaliklarining 6,5 milliard so‘mlik soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash, qo‘shilgan qiymat solig‘i guvohnomasini tiklash imkoniyati yaratib berildi.
161 ta tadbirkorlik su’bektiga esa 2022 yil 1 yanvardan 1 iyulga qadar bo‘lgan davrda aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha 258, 8 million so‘m soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi.
Matbuot anjumanida soliq va byudjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Byudjet tashkilotlarini boshqa faoliyatdan olgan daromadlari bo‘yicha nol foizdan soliqqa tortish tartibi 2023 yil 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Yer solig‘i stavkasi 2022 yilga nisbatan 10 foizga indeksatsiya qilingan bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliq stavkalari soliq to‘lovchilarning barcha toifalari uchun 4 foiz miqdoridagi yagona stavkani belgilagan holda birxillashtirilmoqda. Bunda borish qiyin bo‘lgan va tog‘li hududlarda joylashgan korxonalar uchun pasaytirilgan soliq stavkalari 1 foiz, boshqa aholi punktlarida joylashgan korxonalar uchun 2 foiz, aholi soni 100 ming nafar va undan ko‘p kishidan iborat shaharlarda 3 foiz miqdorida saqlab qolindi.
Joriy yil 1 yanvaridan boshlab alkogol va tamaki mahsulotlarini import qilishda aksiz solig‘i stavkalari 5 foizga pasaytirilgan bo‘lsa, 1 fevralidan neft mahsulotlari hamda ishlab chiqariladigan alkogol va tamaki mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i stavkalari 10 foizga indeksatsiya qilinadi.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar qaytarildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA