Aholi xonadonlari, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarning issiqlik ta’minotida qozonxonalarning samarali ishlashi muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Qibray tumanidagi “Issiqlik manbai” uchastkasi tasarrufidagi 2-qozonxonada ta’mirlash ishlari avjida. Bu yerda issiqlik quvurlariga himoya uchun maxsus qoplama o‘ralmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yirik issiqlik quvurlarining qalin himoya qoplamalari bilan mustahkam va pishiq tarzda o‘ralishi issiqlik sarfini tashqariga chiqib ketmasligiga xizmat qiladi. Yillar davomida qo‘llanilib kelinayotgan bu amaliyot ham sinalgan, ham energiya tejamkor. Qozonxonadagi KVG 4/65 suv nasoslarini joriy ta’mirlashga 27 nafar ishchi-xodim biriktirilgan.
– Qozonxonamizning asosiy faoliyati ko‘p qavatli uylarga issiq suv va issiqlik energiyasi yetkazib berishdan iborat, – deydi Qibray tumani "Issiqlik manbai" uchastkasi 2-qozonxona uchastka boshlig‘i Ortiq Hojiyev. –Bu yerda 2 ta qozon, 3 ta asosiy va 2 ta yordamchi nasoslar mavjud. Ular tumandagi 1 ming 100 ta xonadonda yashovchi aholiga samarali xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 16 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini ham qamrab olganmiz. Bog‘chalar, poliklinika, maktablarni ham issiqlik energiyasi bilan ta’minlaymiz.
Bu yil ham kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida hozirlik ko‘rilmoqda. Ayni paytda 2-qozonxona ishchilari tomonidan suv nasoslarida ta’mirlash ishlari olib borilayotir. Aniqlangan nosozliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda. Hozirgacha “Zebuniso” hamda “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida 2 ta yangi qozon o‘rnatildi. Aholi ehtiyoji va murojaatidan kelib chiqqan holda zarur qulayliklarni yaratish, issiqlik ta’minotini tizimli yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.
A.Musayev, O‘zA