Qozon universitetida 1500 nafar oʻzbekistonlik talaba oʻqiydi
Oʻzbekiston milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universitetiga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida hamkorlik aloqalari, professor-oʻqituvchilarning oʻzaro tajriba almashinuvi, yosh oʻqituvchilarning malaka oshirishi borasida qator masalalarni muhokama qildi. OʻzMU rektori tashrif doirasida bugungi kunda Qozon federal universitetida meditsina va iqtisod yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi. Oʻzbekistonlik talabalar OʻzMU rektorini milliy kiyimlarimizdan boʻlgan zarbop toʻnlar bilan kutib oldi. Rektor Avazjon Marahimov oʻzbekistonlik talabalar bilan suhbat qildi va ular oʻqishni bitirgach universitetda ish bilan taʼminlanishi aniq ekanligini bildirdi. Suhbatda boʻlgan Qozon federal universiteti rektori Ilshat Gafurov ilm dargohidagi eng izlanuvchan va intiluvchan talabalar oʻzbekistonliklar ekanligini alohida qayd etdi. Maʼlumotlarga koʻra bugungi kunda Qozon federal universitetida 7500 nafar xorijiy talabalar tahsil oladi. Ularning 1500 nafari oʻzbekistonlik talabalardir.
Suhbat davomida Ilshat Gafurov Oʻzbekistondan kelgan talabalar xorijiy davlatlar talabalari ichida eng tirishqoq, izlanuvchan, bilimga chanqoq ekanligini taʼkidladi. Ularni oʻz sohalarida yetuk mutaxassis boʻlishlariga ishonch bildirdi.