Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozon Federal universiteti Jizzax filiali yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlaydi
14:45 / 2022-06-13

Jizzax shahrida yangi o‘quv yilidan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan 5-oliygoh – Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universiteti filialida press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.

Ishtirokchilar oliygoh uchun ajratilgan ob’ektlar, jumladan, o‘quv binosi va yotoqxonada bajarilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

– Filial Prezidentimizning 2021 yil 28 avgustdagi “Jizzax shahridagi Qozon Federal universiteti filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilmoqda, – deydi Qozon Federal universiteti filiali ijrochi direktori Ozod Bobomurodov. – Sobiq oliy aviatsiya bilim yurtining bir qismi, ya’ni 4,5 gektar maydoni va undagi 5 ta bino filial uchun o‘tkazib berildi. Binolarni kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurilish ishlari joriy yil may oyidan boshlandi.

Birinchi bosqichda loyiha qiymati 13 milliard 763 million so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu ob’ektda pudratchi – “Fayz Baraka Klassik” MCHJ tomonidan ishlar olib borilmoqda. Birinchi bosqichda barcha qulayliklarga ega o‘quv binosi, ma’muriy bino hamda 3 qavatli talabalar yotoqxonasidagi kapital ta’mirlash, rekonstruksiya va qurilish ishlari yakunlanishi rejalashtirilgan.

Talabalar turar joyining 1-qavatida Rossiya Federatsiyasining Qozon Federal universitetidan Jizzaxga kelgan o‘qituvchi-professorlar uchun 6 ta “vib” xona, kutubxona, faollar zali, 2- va 3-qavatida esa talabalar uchun 280 o‘rinli yotoqxona kapital ta’mirdan chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, 200 o‘rinli talabalar oshxonasi, sport zali, hududdagi obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.

– Ilk o‘quv yilida 330 nafar talaba qabul qilishni rejalashtirganmiz, – deydi filial ish boshqaruvchisi Temur Asadov. – Imtihonlar yozma va og‘zaki (bilet shaklida) Qozon Federal universitetidan kelgan o‘qituvchi-professorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Qozon Federal universitetining Jizzax shahridagi filiali xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, hududiy innovatsion ta’lim tarmog‘ini yaratish, raqamli ta’lim tizimini shakllantirish hamda ish beruvchilarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Mamlakatimizdagi boshqa ta’lim muassasalari qabuliga xalal bermaslik, abituriyentlarga qulay bo‘lishi uchun qabul imtihonlarining birinchi bosqichi iyul, 2-bosqichi sentyabr oyida bo‘lib o‘tadi. Imtihonlar ham saboqlar ham rus tilida olib boriladi.

Matbuot anjumani so‘ngida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javoblar oldi.

[gallery-7546]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA