Qozog‘istonning Turkiston viloyatidan Nurafshon shahriga turistik avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Toshkent viloyatiga sayyohlar oqimini yanada oshirish maqsadida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyati hamda Nurafshon shahri o‘rtasida muntazam turistik avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bunda yiliga 10 ming nafar sayyohlar almashinuvi amalga oshirilishi belgilangan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
bugungi kunda viloyatda 59 ta tur agentliklar, 34 ta mehmonxona, 907 ta oilaviy mehmonxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada turistlar oqimi 265 ming va ichki turizm 1,5 million nafarga yetkazilib, xizmatlar eksporti 79 million dollarni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, turistlarning sayohat kunlarini uzaytirish maqsadida “Oltin halqa” konsepsiyasi doirasida besh kunlik tur marshurt ishlab chiqildi.
Bunda turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi va u keyinchalik viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi.
O‘zA