Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘istonning qator nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda
18:09 / 2024-08-07

Mamlakatimizda turli sohalar kabi ta’lim, ilm-fan sohalaridagi xalqaro hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotgani sir emas.

Ayni paytda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida qator nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishib, muzokaralar olib bormoqda. 

Dastlab, «Times Higher Education» reytingiga ko‘ra eng yaxshi xalqaro tadqiqot oliygohlardan biri sanalgan Nazarboyev universiteti faoliyatini ko‘zdan kechirdi va ilmiy faoliyatdagi yutuqlari hamda tajribalari bilan qiziqdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabarida. 

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkin: mazkur oliygoh darslar ingliz tilida olib boriladigan xalqaro tadqiqot universiteti hisoblanadi. Shuningdek, u Qozog‘istonda akademik mustaqillik berilgan ilk universitet hamdir. 2023 yildagi «Times Higher Education» agentligi tomonidan e’lon qilingan reytingda Nazarboyev universiteti 501-600 oralig‘ida joy olgan. 

Universitetda 6,5 mingga yaqin (bakalavr – 4790, aspirantura talabalari – 1652) talaba tahsil oladi, ularning 53 foizi STEM sohalarida, 23 foizi gumanitar va ijtimoiy fanlar, biznes, ta’lim va davlat siyosati, 9 foizi tibbiyot yo‘nalishlarida bilim olib kelmoqda. 

Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov mazkur universitet rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash, kadrlar tayyorlash, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy anjumanlar, tashriflar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildi. 

A.RUSTAMOV, O‘zA