Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘istonlik yosh ijodkorlarning «100 she’r» to‘plami chop etildi
18:26 / 2022-12-26

O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumda o‘zbek va qozoq yosh ijodkorlarining asarlarini tarjima qilib, chop etish va birgalikda taqdimotlarini o‘tkazish belgilangan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmon hamda «Yoshlik» jurnali bosh muharriri Nurulla Choriyev ishtirokida yosh qozoq shoirlarining jami 100 ta she’ri o‘zbek tiliga tarjima qilindi va chop etildi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida qozog‘istonlik yosh ijodkorlar delegatsiyasi ishtirokida madaniy tadbirlar hamda «100 she’r» to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qaldibek Seydanov, uyushma a’zosi Faxriddin Hayit, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi rahbari Serikbay Usenov va boshqalar barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ikki mamlakat o‘rtasidagi adabiy rishtalar ham tobora mustahkamlanayotganini ta’kidladi.  

Tadbirda xalqlarimizning Alisher Navoiy va Abay Qo‘nonboyev, Oybek va Muxtor Avezov, G‘afur G‘ulom va Sobit Muqonov kabi ulug‘ namoyandalari va boshqa ko‘plab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi bizning umumiy boyligimiz ekani alohida qayd etildi.  

"O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bu kabi do‘stlik kechalari doimiy o‘tkaziladi, – dedi uyushma a’zosi Faxriddin Hayit. – Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib, dunyodagi adabiy jarayonlar qanday kechayotganini o‘rgandik. O‘tgan yillarda 20 nafar ijodkor yoshlarimizning 100 ta she’ri qozoq tiliga tarjima bo‘lgandi. Endilikda biz ham qozoq adabiyoti vakillarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirdik. Bu nashr o‘zbekistonlik o‘quvchilarimizga manzur bo‘ldi. Bunday ezgu ishlar adabiy aloqalarimizni, do‘stlik ko‘prigini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi".  

"Biz taqdiri, tomiri bir bo‘lgan xalqlarmiz, – dedi Qozog‘istondagi «Adabiyot olami» markazining «Yosh qalam» uyushmasi rahbari Muratxan Shoqan. – Oqqan daryo oqaverar ekan. Pandemiya paytida hamkorligimiz biroz susaygandek bo‘ldi. Yaqindagina Prezidentimiz Qasim-Jomart Toqayev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Mamlakatlarimiz rahbarlari do‘stlik aloqalarining tobora mustahkam qaror toptirishga astoydil intilmoqdalar. Endilikda xalqlarimiz o‘rtasidagi adabiy hamkorlik tobora kengaymoqda. Do‘stlik, birodarlik, hamjihatlik rishtalarining yanada mustahkamlanishida biz-ijodkorlar ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak, deb o‘ylayman".  

Tadbirda o‘zbek-qozoq adabiy aloqalarining ahamiyati, ikki xalqning yosh ijodkorlari va «100 she’r» to‘plamining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Yosh shoirlarning ijod namunalari tinglandi.  

Shu kuni qozog‘istonlik ijodkorlar delegatsiyasi a’zolari «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, Adiblar xiyoboni, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi va boshqa tarixiy maskanlarga sayohat qildilar.  

 N.Usmonova, O‘zA