Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qоzog‘istonlik sayyoh: “Buxoro ertaknamo shahar ekan”
16:34 / 2022-03-21

Buxoroda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi” shiori ostida Navro‘z tantanalariga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bu yerda ko‘plab xorijiy sayyohlarni ham uchratish mumkin.  Uch ming yillik boy madaniy merosga ega ko‘hna va boqiy Buxoro islom olamining yetti muqaddas shaharlaridan biri ekanligi e’tirof etiladi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi nodir sayyohlik maskanlaridan biri sifatida o‘tgan 2021 yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2 million 300 ming kishiga, shundan chet ellik sayyohlar soni 50 mingtaga oshgan. E’tiborlisi, bu ko‘rsatkich tez sur’atda o‘sib bormoqda. So‘nggi bir necha yil ichida sayyohlar oqimining o‘sishi yiliga o‘rtacha 80 foizni tashkil etayotir.

2021 yilda Buxoro viloyatida 78 ta yangi va zamonaviy, katta-kichik mehmonxona barpo qilindi. Ularda 724 ta xona va 1 ming 919 ta o‘rin yaratildi. Umumiy mehmonxona soni hududda 415 taga yetkazildi. Ularda 4 ming 463 ta xona va 10 ming 323 ta o‘rin shay qilindi. Shuningdek, oilaviy mehmon uylari soni 198 taga, hostel va motellar soni 53 taga yetkazildi. Qadimiy shaharning sayyohlik salohiyati yildan yilga rivojlanmoqda. 
2021 yilda viloyatda turizm infratuzilmasini yaxshilash va yangi turizm ob’ektlarini barpo etilishi evaziga 450 dan ortiq qo‘shimcha yangi ish o‘rni  tashkil etildi. Xorijiy sayyohlardan tushgan yillik tushum hajmi 60 milliard 600 million so‘mga yetdi. 
–14 yildan buyon turizm sohasida faoliyat olib borayapmiz, – deydi Navro‘z kuni 200 nafar qozog‘istonlik sayyohlar bilan Buxoroda bo‘lib turgan “Real Dreams” sayyohlik kompaniyasi tur operatori Ruxsora Kuralova. – Avvallari chet elga sayyohlarni olib chiqar edik. Pandemiya davrida juda og‘ir kunlarni boshdan kechirdik. Endilikda chet ellik sayyohlarni yurtimiz bo‘ylab qabul qilayapmiz. Ziyorat turizmini yo‘lga qo‘ydik. Ayni kunlarda Pokiston, Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bugun Navro‘z bayrami arafasida qozog‘istonlik bir guruh sayyohlar bilan “O‘zbekiston bo‘ylab sayyohat qil” shiori ostida mamlakatimizning Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida sayyohat tashkil etganmiz.

– Bu yilgi Navro‘zni oila a’zolarim bilan Qadimiy Buxoroda nishonlayapmiz,  – deydi Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahri  Birlik ovulida yashovchi, dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan 59 yoshli Yerbul Nurbotirov.  – Buxoroda birinchi marta bo‘lishim. Qadimiy shahar ekan. Menga juda yoqdi. Ayniqsa, odamlari mehribon, mehmondo‘st. Qadimiy turizm ob’ektlari obod va orasta bo‘lib, ziyorat uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Qadim maskanlardagi Qur’on tilovatlari meni ruhan yengillashtirmoqda. O‘zbek xalqini judayam hurmat qilaman. 

–Kayfiyatim a’lo, – deydi Qozog‘iston Respublikasining Qaraganda  shahrida  yashovchi tadbirkor Arman Xabibulina. – Bolaligimda Toshkent orqali Tojikiston Respublikasidagi qarindoshlarimizni ko‘rishga borganman. Shu bahonada go‘zal Toshkentni aylanganman. Lekin Naro‘z kuni qadim Buxoroda bo‘laman, deb o‘ylamagan edim. Menga bu ertaknamo shahar juda ham yoqdi. Yana bir gapni aytmoqchiman. Bizning Qozog‘istonda O‘zbekiston rivojlanib borayotgan davlat deb e’tirof etishadi. Bunga men yana bir bor amin bo‘ldim. Davlat rahbaringiz tomonidan birgina turizm sohasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganligiga guvohman. Yurtimga borganda albatta, barchani O‘zbekistonni, Buxoroni ko‘rishga da’vat etaman. Odamlaringizning xush kayfiyatidan juda xursandman. Chunki tinch yurtda bayramlar yarashadi. Bahor bayramini o‘zbekistonliklar, buxoroliklar ko‘tarinki ruhda kutib olgani bu yil davomida mana shunday xush-xursand yurishining isbotidir. Ilohim yurtlarimizning tinchligiga va ahil-inoqligiga ko‘z tegmasin. Navro‘zi olam, barchamizga muborak bo‘lsin.   

Qadim Buxoroga tashrif buyurgan  qozog‘istonlik sayyohlar diqqatga sazovor ko‘p asrlik me’moriy obidalar – “Poyi kalon” majmuasi, “Somoniylar” maqbarasi, “Ark” qo‘rg‘oni, “Labi hovuz” majmui, “Toqi zargaron”, “Toqi telpakfurushon”, “Toqi sarrafon” kabi ko‘hna savdo rastalarida bo‘ldi.

–Navro‘z arafasida ko‘hna va boqiy Buxoroga mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan hamda chet ellik mehmonlarning kelishi boshlandi, –  deydi “Somoniylar” maqbarasi kuzatuvchisi, Buxoro viloyati madaniy meroc boshqarmasi xodimi Orzigul Mo‘minova. – Navro‘z bayrami arafasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Ispaniya va Boltiqbo‘yi davlatlaridan sayyohlarning kelishi ko‘paydi.

[gallery-6257]

Zarif Komilov, 
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA