Qozog‘iston Respublikasining Qozoq milliy san’at universiteti magistrantlari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “San’at tarixi va nazariyasi” hamda “Mahobatli rangtasvir” kafedralarida malaka oshirish dasturida ishtirok etdi.
Stajirovka davomida magistrantlar institutda yaratilgan ilmiy-tadqiqot muhiti, professor-o‘qituvchilarning tajribasi, san’at sohasi bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar, o‘quv jarayonida innovatsion texnologiyalar qo‘llanilishi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ular institut kutubxonasi, o‘quv ustaxonalari, muzeylar hamda san’at asarlari jamlanmasi bilan tanishib, o‘z bilim va malakalarini oshirdi.

Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagani uchun Qozoq milliy san’at universiteti magistrantlari Bakit Jo‘rayev, Serjan Kamunov, Yelena Mareyeva, Janelya Taskinbayeva hamda Nazerke Shinarbek maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida magistrantlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, institutda yaratilgan ijodiy va ilmiy muhitdan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Ular ushbu stajirovka kasbiy mahoratlarini oshirish va kelgusida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim tajriba bo‘lganini ta’kidladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA