Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘istonlik jurnalistlar Samarqandni ziyorat qildi
10:02 / 2025-04-14

Qozog‘iston Respublikasi Turkiston viloyatida chop etiladigan "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi jamoasi Samarqandga safar qilib, shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarni ziyorat qildi hamda ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan tanishdi.

Qo‘shni mamlakatning Turkiston viloyatida 2 milliondan ziyod aholi istiqomat qilsa, ularning aksariyatini o‘zbeklar tashkil etadi. Shu bois bu yerda keyingi yillarda "Janubiy Qozog‘iston", "Chimkent ovozi", "Jamiyat va ma’rifat", "Janub jarchilari", "Diyor axboroti", "Maktabdosh", "Robita" kabi o‘zbek tilidagi gazetalar chop etiladi.

Ular orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi Turkiston viloyatining bosh nashri hisoblanadi. Gazeta Qozog‘iston mustaqillikka erishgan yil – 1991 yildan buyon chop etib kelinmoqda va ayni paytda 11 ming 400 nusxada bosilib, viloyatning bitta shahar va yetti tumanida tarqatiladi.

Qozog‘istonlik jurnalistlar viloyat Matbuot uyida bo‘lib, Samarqand matbuotining tarixi va buguni, viloyat gazetalari faoliyati bilan tanishdi.  

– Samarqand nafaqat o‘zining tarixiy obidalari va ziyoratgohlari, balki jurnalistikasining tarixiyligi bilan ham doimiy e’tiborda, – deydi "Janubiy Qozog‘iston" gazetasi bosh muharriri Rayimjon Aliboyev. – Viloyat matbuot muzeyida Samarqand jurnalistikasining tarixi, rivojlanish bosqichlari, 100 yil oldin foydalanilgan fotoapparatdan tortib, qalamdonlargacha saqlangani bu sohaga qaratilgan yuksak e’tibor namunasidir. Ochig‘i, bundan 10 yilcha avval hamkasblarimiz "Zarafshon" gazetasining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, Turkistonga "Biz "Zarafshon"danmiz" deb nomlangan kitobni olib borishgandi. Unda Mahmudxo‘ja Behbudiydan tortib, mustaqillik yillarida gazeta muharriri bo‘lgan Mardi Nuriddinovgacha ijodiy faoliyat yuritgan jurnalistlarning maqolalarini o‘qib, zavq olganmiz va albatta, tajriba o‘rganganmiz. Bu gal ham samarqandlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik.  

Mehmonlar “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ijodkorlar shu yilning 1 may kunidan Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida muntazam aviqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri