Qozog‘iston Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi parvozlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda, deya xabar berdi "Kazinform" xalqaro axborot agentligi.
Pandemiyadan oldingi ichki qatnovlar darajasi to‘liq tiklangan, ya’ni 57 ta yo‘nalish bo‘yicha haftalik 687 reys amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, 30 ta davlatga 108 ta yo‘nalish bo‘yicha haftasiga 477 ta xalqaro reyslar yo‘lga qo‘yilgan.
Ular orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya va Qirg‘iziston ham bor .
2022 yilda oltita davlat, jumladan Turkmaniston, Misr, Buyuk Britaniya, Mo‘g‘uliston, Eron va Xitoy bilan xalqaro reyslar tiklangandi, yetti davlatga haftasiga 25 reys chastotasi bilan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgandi.
Shuningdek, «ochiq osmon» rejimi 2027 yil 26 dekabrgacha 5 yil muddatga uzaytirildi. Joriy yil bahor-yoz davrida Ostanadan Dohaga, Aqtau va Chimkentdan Anqaraga, Almati va Aqtaudan Madinaga, Ostanadan Bokuga va Chimkentdan Dushanbega reyslar ochilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Ostana, Almati, Aqtaudan, Turkiston va Atiraudan Istanbulga, Ostana va Almatidan Antaliyaga, Almatidan Boku, Tbilisiga, Pxuket va Malega reyslarni ko‘paytirish, Pokistonga Almatidan Karachi va Lahorga reyslar ochish, Hindistonga Almati-Dehli yo‘nalishida reyslar ochish rejalashtirilgan.
Malayziyaning «Air Asai X» aviakompaniyasi 2023 yilning bahor-yozgi navigatsiyasidan Kuala-Lumpurdan Almatiga, «Thai Air Asia» aviakompaniyasi esa Bangkokdan Almati yo‘nalishi bo‘yicha reyslarni ochishni ko‘zlagan.
- «Air Asia Avation Group» kompaniyasi Almati va Ostana, keyinchalik Moskva (Rossiya), Istanbul (Turkiya), Parij (Fransiya), London (Buyuk Britaniya) va Frankfurt (Germaniya) shaharlariga parvozlar vaqtida «havo erkinligi»ning beshinchi darajasiga ega reyslar masalasini ko‘rib chiqmoqda, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, «Air Astana» aviakompaniyasi o‘rta muddatli istiqbolda Almati - Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha Isroilga haftalik ikkita muntazam reyslarni amalga oshirishga oid harakatlar olib boryapti.
O‘zA