Qozog‘istonda uch kishi muzlab vafot etdi
G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida uch kishi izg‘irin ob-havoda muzlab vafot etdi, deb xabar bermoqda “AzerTAJ” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, kecha noqulay ob-havo sharoitida bedarak yo‘qolgan uch erkakning jasadi topilgan. Ular Janibek tumanida yashovchi 57 yoshli, Bokeyordin tumanida yashovchi 25 yoshli va Kaztalov tumanida yashovchi 35 yoshli fuqaro bo‘lgan.
Tibbiy ekspertiza natijalariga ko‘ra, barcha erkaklar hipotermiyadan vafot etgan. Oqjayiq tumanida yashovchi 54 yoshli fuqaro esa tirik topilgan, biroq uning oyoq-qo‘llari muzlab qolgan.
Janibek tumanida yashovchi yana bir 59 yoshli kishi bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Uni qutqaruvchilar, harbiylar, politsiya va mahalliy hokimlik xodimlari qidirmoqda.
G.Sattorova, O‘zA