Qozog‘istonda pedagoglar maoshi 2023 yil 1 yanvardan 25 foizga oshadigan bo‘ldi
2023 yil 1 yanvardan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti ko‘rsatmasiga binoan bolalar bog‘chasi tarbiyachilari, maktab va kollej o‘qituvchilari hamda qo‘shimcha ta’lim tizimlari mutaxassislarining maoshi 25 foizga oshadi. «Kazinform» agentligi respublika ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga tayanib ushbu xabarni tarqatdi.
Davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan pedagoglarning maoshi 2020 yil yanvar oyidan boshlab har yili 25 foizga oshirib borilmoqda, 2022 yil yanvarda ham murabbiylar oyligi 25 foizga oshirilgan edi.
«Prezident Q.Toqayevning qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘qituvchilar maoshining har yili oshirib borilishi ijobiy samara bermoqda. Pedagoglik kasbiga maktabni eng zo‘r bitiruvchilari kelmoqda”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, maoshga qo‘shimcha to‘lovlar ham bor. Ushbu qo‘shimcha to‘lovlar lavozimiga qarab 30 dan 50 foizgacha yetadi. Ushbu to‘lovlar magistrligi, ingliz tilida dars olib borayotgan, daftar tekshirayotgan, sinfga rahbarlik va ustozlik qilgani uchun beriladi», – deyiladi xabarda.