Taraz shahrida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan Qozog‘iston chempionatida barcha hududlardan kelgan 210 nafar yetakchi sportchi yigit-qizlar 16 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.
Jambul viloyatida tashkil etilgan chempionatning ochilish marosimida ishtirok etgan Qozog‘iston kurash federatsiyasi prezidenti Andrey Borgens, Jambul viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gali Rayimkul, dzyudo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Eldos Smetov kurashning o‘ziga xos jihatlari, mahoratli sportchilarni tayyorlashdagi o‘rni xususida to‘xtalib, ishtirokchilarga bellashuvlarda omad tiladi.

Uch kun davomidagi shiddatli va qiziqarli bellashuvlar muxlislariga kurashning betakror jozibasi taqdim etildi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida Aybatir Mirazat, Bolat Balel,Temirlan Sagindikov, Adilet Axmetali, Danil Krыlov, Yersultan Muzapparov, Yerdaulet Jarilgapov kabi sportchilar o‘zbek sporti kurash bo‘yicha Qozog‘iston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Endi ular terma jamoa safiga qabul qilinib, yil davomida o‘tkaziladigan qit’a va jahon chempionatlari, shuningdek joriy yil Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida Qozog‘iston sharafini himoya qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA