Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Maminning ma’lum qilishicha, aholini "Sputnik V" vaksinasi bilan ommaviy emlash 2021 yil fevralda boshlanadi.
Hukumat matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Asqar Mamin dushanba kuni Qarag‘andadagi farmatsevtika majmuasini borib ko‘rgan. Bu yerda u Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasi ishlab chiqarilishiga start bergan.
"Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan "Sputnik V" vaksinasi bilan ommaviy ravishda emlash 2021 yil fevralda boshlanadi. Birinchi navbatda ixtiyoriy ravishda tibbiy xizmatchilar, pedagoglar, talabalar, huquqni muhofaza qilish organlari, tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlari, shuningdek, surunkali xastaliklar mavjud bo‘lgan guruhlarga kiruvchi bemorlar emlanadi", – degan Askar Mamin.
Xabarda aytilishicha, majmuada bosqichma-bosqich ikki million doza vaksina ishlab chiqariladi.
Ushbu loyiha Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshirilayotgani aytilmoqda.