Qozog‘istonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi
Voqea yakshanba kuni Aktyuba viloyatining Alg‘a shahrida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida ro‘y bergani aytilmoqda.
Uch nafar xodim qochib qolishga muvaffaq bo‘lgan, deb xabar tarqatdi mamlakat Favqulodda vaziyatlar xizmatining viloyat departamenti matbuot kotibi.
"Alg‘a shahrining Abay ko‘chasida joylashgan "LimanGaz" avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sig‘imi 46 kub metrli idishda ikkita portlash kuzatilgan. Natijada “Toyota Camry” avtomashinasi, yuklash texnikasi yonib ketgan va shoxobchaning ma’muriyati joylashgan bino vayron bo‘lgan. Shu yerdagi uch nafar ishchi mustaqil ravishda xonalarni tark etgan", – deyiladi departament tarqatgan xabarda.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari voqea joyiga zudlik bilan ketib kelgani aytilmoqda.