Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘iston – yaqin qo‘shnimiz, ishonchli hamkorimiz
11:48 / 2021-12-06

Ota-ona, aka-uka, qarindosh-urug‘ va qo‘shni tanlanmaydi, ularni avlod, tarix va taqdir ixtiyor etadi. Dilga yaqin, har tomonlama hurmatga sazovor qo‘shning, boz ustiga bag‘ri keng, xushfe’l bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur. Qozog‘iston biz uchun ana shunday yaqin qo‘shni, ishonchli hamkor va qalin sherikdir.

Xalqlarimiz bir mintaqada istoqomat qiladi, umumiy daryolardan suv ichib, shu havodan nafas oladi. Tarixi, dini, tili bir, yaqin madaniy qadriyatlarga ega. Ta’kidlash joiz, bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat barcha sohalarda ko‘ngildagidek izchil va samarali kechmoqda. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik (1998 yil), Strategik sheriklik (2013 yil) to‘g‘risidagi shartnomalar sheriklikning mustahkam poydevori.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston bir qator xalqaro tuzilmalar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti kabi qator nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Prezidentlar tez-tez uchrashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqani mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar, imzolangan hujjatlar hamkorligimizni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi qayd etilyapti.

Qozog‘iston O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyatini birinchi bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Shu o‘rinda qayd etish kerak, Orol dengizi bir mintaqada joylashgan ikki davlat - O‘zbekiston bilan Qozog‘istonning qariyb yarim asrlik jiddiy tashvishi, muammosi, fojeasi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida tobora qurib borayotgan dengiz havzasida qator innovatsion dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirishdan birdek manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Umuman olganda, Orol muammosini bartaraf etish maqsadida hozir mintaqada nufuzli xorijiy tashkilotlar, xalqaro hamjamiyatni jalb qilgan holda qator loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Tunis, Shveysariya va Kanada olimlari bilan birga ochilib yotgan Orol tubining O‘zbekiston va Qozog‘iston qismidagi sho‘rlangan, qurg‘oqchil yerlarida ilmiy ish olib borilyapti.

Bunday tadbirlar O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan birgalikda 70 millionga yaqinlashib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining ekologik sharoitini yaxshilashga, turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan rejali va keng qamrovli hamkorligi tufayli keyingi yillarda iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarida jadallashgan aloqalar tufayli o‘zaro savdo hajmi bundan uch yil muqaddam salkam 50 foiz o‘sib, 3 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 5 milliard dollarga yetadi.

Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaga savdo aloqalari nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy hamkorlikning yangi, uzoq muddatli shakllarini topish va rivojlantirish vazifasi qo‘yilgan.

– Do‘stona munosabatimiz so‘nggi yillarda yaqin qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda, – deydi Qozog‘istonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi. – Shu yil aprel oyida Samarqandda Qozog‘istonning Bosh konsulxonasi ochildi. Diplomatik idora tashkil etilishi davlat rahbarlarining ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatni, azaliy do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakati mahsulidir. Konsulxonaning qamrovi keng va biz Samarqanddan tashqari Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolariga ham xizmat ko‘rsatamiz.

bugungi kunda Qozog‘istonda O‘zbekistonning ikkita konsulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqinda Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtobuslardan 50 tasi Turkiston shahriga yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar yana 200 ta shunday avtobus sotilishi rejalashtirilgan. O‘tgan yil yakunida Samarqandda «Tengebank» filiali ish boshladi. Birgina Samarqandda bugun Qozog‘iston kapitali ishtirokida 15 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi jami 400 ga yaqin korxona, 20 ga yaqin kompaniya vakolatxonalari, Qozog‘iston hududida O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 200 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Tadbirkorlar tomonidan savdo, transport-logistika va boshqa xizmatlar ko‘rsatilib, qurilish materiallari hamda keng turdagi xalq iste’moli mollari ishlab chiqarilmoqda.

Toshkentda «O‘zbekiston va Qozog‘iston: Mustaqillikka 30 yil va yosh davlatlarning oyoqqa turishi» mavzusida ilmiy-amaliy xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.  Anjumanda har ikki mamlakatning taniqli siyosatshunoslari, diplomatlari, jamoatchilik, olimlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.  Xalqaro konferensiyada yetakchi ekspertlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasida erishilgan yutuq va natijalar, o‘zaro aloqalarning yangi yo‘nalishlari hamda istiqbolini muhokama qildilar.

Xalqaro anjumanda ekspertlar o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan tomonlarning qarashi, yondashuvini, savdo-iqtisodiy munosabatni yanada chuqurlashtirish, madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash istiqbolini tahlil etishdi.

Ikki davlat rasmiy doiralari Chimkent shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston – Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi va Toshkent shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari birinchi mintaqaviy iqtisodiy forumi yakunlarini ijobiy baholadilar.

Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi yaqinda, aniqrog‘i 21 noyabr kuni baliqchilik sanoati bo‘yicha tajriba almashish maqsadida Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumaniga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari "NODIRXON FISH FARM" baliqchilik xo‘jaligida bo‘lib, zamonaviy baliq yetishtirish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Qozog‘iston delegatsiya vakillari xo‘jalik rahbari tomonidan ekoturizm, ya’ni shu joyning o‘zida baliq ovlab, hordiq chiqarish maskanini yaratish loyihasi bilan ham yaqindan tanishdi.

Mamlakatlarimiz avtomobilda, temir yo‘lda yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini ham o‘taydi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududidan tashqi savdo yukini tashishda o‘zaro preferensiya va qo‘shimcha imtiyoz joriy etilgani savdo hajmini sezilarli oshirish imkonini bermoqda.

Ikki davlat o‘rtasida avtomobil sanoati sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi sanoat majmuasi mahsulotini qayta ishlash hamda yuqori tezlikdagi «Turkiston-Chimkent-Toshkent» temiryo‘l magistrali qurish masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti.

Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilishicha, yaqin muddatda Qozog‘iston tomonidan mazkur loyihani amalga oshirishga kirishiladi. “Bu loyiha turizm sohasida yangi 22 ming ish o‘rni yaratib, sayyohlar oqimini 50 foiz ko‘paytirish imkonini beradi, – dedi bosh vazir. - Shuningdek, iqtisodiyotning turdosh sohalarida 100 ming ish o‘rni paydo bo‘ladi». Ayni payt Qozog‘istonda ichki turizm 4,5 million sayyohni jalb etgan. Turizm yalpi ichki mahsulot ulushining 5,2 foizini tashkil etadi.

Ikki davlat hukumatlari rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida O‘zbekiston va Qozog‘iston yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish, Turkiston – Toshkent tezyurar temir yo‘li hamda «Uchquduq – Qizilo‘rda» transport yo‘lagi qurilishi haqida kelishib olindi.

O‘zbekiston bilan eng qulay hamda erkin savdo rejimini yaratgan holda savdo-iqtisodiy hamkorlik bitimi imzolaganlar ro‘yxatida Qozog‘iston Xitoy, Rossiya, AQSH, Turkiya, Germaniya, Singapur kabi yetakchi davlatlar qatorida turadi. Ikki tomonlama bitimga muvofiq, o‘zaro kelishilgan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga import bojxona boji solinmaydi, yana bir qator qulayliklar yaratilgan.

O‘zbekiston – Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish, shuningdek, o‘tkazish punktlari samarali faoliyatini ta’minlash jarayoni muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bu ikki mamlakat chegaradosh hududlari aholisining turmush sharoitini salmoqli darajada yaxshilash, transchegaraviy iqtisodiy aloqalar, gumanitar almashinuvlarni jonlantirish, fuqarolarning o‘zaro tashriflarini faollashtirishga xizmat qilmoqda.

Shu yili Qozog‘iston chegarasi hududidagi «Markaziy Osiyo» xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markaziga tamal toshi qo‘yildi. «G‘ishtko‘prik» («Jibek Joli») o‘tkazish punkti hududida qad ko‘taradigan, umumiy maydoni 400 gektarlik markazdan sutkasiga ikki tomonga 35 ming kishi va 5000 dona yuk mashinasi o‘tadi. Ushbu maskan O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokidagi qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun yirik sanoat va savdo-logistika maydoniga aylanishi kutilyapti.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlikning turli sohalariga oid hujjat imzolangan. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarni tan olish tartibi, O‘zbekiston va Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ikki mamlakat fuqarolari mehnat huquqini himoya qilish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida bitimlar, "Markaziy Osiyo" savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini tashkil etish to‘g‘risida memorandum va boshqa sohalarga oid kelishuvlar shular jumlasidan.

Hayotda, tabiatda qo‘qqisdan paydo bo‘ladigan va yechimi murakkab muammolar ham ro‘baro‘ kelib turadi. "Sardoba" suv omboridagi avariya ana shunday ko‘ngilsiz xodisa. Ushbu vaziyatdan foydalanib oraga sovuqlik tushirishga harakat qiluvchilar ham topildi. OAV xabariga ko‘ra, avvalroq Qozog‘iston Ekologiya, geologiya va tabiiy zahiralar vaziri o‘rinbosari Sergey Gromov Qozog‘iston "Sardoba" suv ombori yorilishi natijasida qozoq tomoniga yetkazilgan zararni qoplash talabi bilan diplomatik nota tayyorlanayotganini aytgan edi.

Bu texnogen ofat sababli murojaat bilan chiqqan O‘zbekiston rahbari "Ushbu kutilmagan texnogen ofat nafaqat aholimiz, balki qo‘shni qozoq birodarlarimizga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan judayam xijolatdamiz”, dedi. Oqibat birodarlik, yaqin qo‘shnichilik, bag‘ri kenglik, do‘stlik hissi ustun keldi: Qozog‘iston O‘zbekistonga diplomatik nota yubormaslikka qaror qildi. O‘zbekiston keltirilgan ziyon xarajatini to‘liq qoplashni bo‘yniga oldi. O‘zbekistondan zarur qurilish-montaj texnika vositasi, yuk avtomashinalari, ko‘ngilli o‘zbek quruvchilari zudlik bilan toshqindan zarar ko‘rgan hududga yetkazildi.

So‘nggi yillarda mintaqa miqyosida katta ijtimoiy-siyosiy va madaniy voqea darajasiga ko‘tarilgan ikkita keng qamrovli muhim madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi: Qozog‘istonda O‘zbekiston yili va O‘zbekistonda Qozog‘iston yili. Ikki yil - 731 kun mobaynida qozog‘istonliklar O‘zbekistonning, o‘zbekistonliklar esa Qozog‘istonning mashhur kishilari, davlat va jamoat arborblari, olimlari, shoir-yozuvchilari, rassomlari, san’atkorlari, badiiy ko‘rgazmalari va ajoyib, o‘ziga xos teatr asarlariga oshno bo‘ldilar.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston kunlarining tantanali ochilish marosimida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekiston bilan munosabatlarini ifodalar ekan, “Yon qo‘shnim – jon qo‘shnim” degan qadimiy maqolni esladi. Qozog‘istonda qardosh O‘zbekistonga talab juda kuchli, ikki davlat o‘rtasidagi  munosabat butun  Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlik, xavfsizlikning muhim omili, deya ta’kidladi.

“Qozoqfilm” studiyasining bir kinosi bor. Unda miltiqning qo‘ndog‘i o‘zidan ham kattaroq bo‘lgan bola kigiz o‘tov yopinchig‘ini ochib tashqariga chiqadida osmonda uchib ketayotgan katta o‘rdakka qarab miltiq tepkisini bosadi. Lekin o‘q zoye ketadi. Buni ko‘rib turgan  ona qo‘lidagi o‘xlov bilan bolaga hamla qilib uni koyiy ketadi. Kinotomoshabin ona qo‘liga miltiq olgani uchun yosh bolani urishayapti, degan hayolga boradi. Ma’lum bo‘lishicha, ona bolasini o‘qni nishonga tegiza olmaganligi, undan qanday haqiqiy qozoq jigiti chiqishidan qayg‘urib, bolaning keljagi uchun qayg‘urayotgan edi. Kelajakka qarab qattiq harakat qilish, maqsadga intilish va unga yetish bugungi bosh maqsadlardan biridir. Biz buni bugun sportchilarimiz misolida yaqqol ko‘rmoqdamiz.

Odatda o‘zbek xotin-qizlari kashtachilikda, paxta terishda, atlas to‘qishda, farzand tarbiyalashda tengi yo‘q. Yaqindan beri qizlarimiz bizni hayratga solaboshladi. O‘smirlar va qizlar o‘rtasida belbog‘da kurash bo‘yicha Jizzaxda o‘tkazilgan jahon birinchiligining dastlabki kuniyoq 13 nafar sportchi-qizlarimiz jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdilar. Yana bir xushxabar.

Shu yil shu (2021) noyabr oyining o‘zida esa Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida kamondan otish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Gruziya, O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasi kabi 10 ga yaqin davlatlarning 100 dan ortiq sportchisi ishtirok etdi. Turnirda o‘zbeke qizi, iste’dodli sportchimiz Munisaxon Yo‘ldosheva qo‘shni Qozog‘iston respublikasidan oltin medalni qo‘lga kiritib qaytdi.

Markaziy Osiyo janubidagi vaziyat davlatlarimizdan harbiy-texnik masalaga jiddiy e’tibor berishni, mintaqaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlashni talab qilmoqda. Shu yil noyabr oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston mudofaa vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida qardosh xalqlar birdamligi, ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi. Qozog‘iston delegatsiyasi a’zolari Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning “Termiz” dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan “Hamkorlik-2021” o‘zbek-qozoq o‘quvlari faol bosqichini kuzatdi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi “Chimyon” tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashq markazi faoliyati hamda mamlakatimizdagi yetakchi oliy harbiy ta’lim muassasasi - Qurolli Kuchlar akademiyasi tinglovchilari kasbiy-professional mahoratini takomillashtirishga yo‘naltirilgan harbiy moddiy-texnik baza bilan tanishdi.

Yana ikki yildan keyin O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida milliy chegara o‘tkazilganiga 100 yil to‘ladi. Sho‘ro davrida chegara shunday chizilganki, Qozog‘istonda o‘zbek qishloqlari, O‘zbekistonda qozoq ovullari ko‘p. Hatto, mahalalarimiz bir biriga o‘tib ketgan. Qozog‘iston vikipediyasi  ma’lumotiga ko‘ra, qozoq millati vakillari MDH davlatlari ichida eng ko‘p O‘zbekistonda istiqomat qiladi. To‘g‘ri, milliy g‘urur muqaddas. Binobarin, bu o‘tkir, qaltis va ayni payt juda muhim masala yechimiga qozoq va o‘zbek xalqlari og‘irlik, bosiqlik bilan, kelajakni o‘ylab, har ikki millatga qadimdan xos bo‘lgan adolatparvarlik, aql-mushohada, bag‘ri kenglik bilan yondashmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoning ikki yirik va muhim davlati hisoblanadi. Bu hududda Markaziy Osiyo respublikalari aholisining yarmi istiqomat qiladi.

Ha, ikki mamlakat munosabati yaqin qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanyapti. Hamkorlik aloqalari xalqlarimizning azal-azaldan shakllangan do‘stlik va qardoshlik rishtalariga, umumiy tarix, til hamda madaniyatiga asoslangan. Hozirgi bosqichni respublikalar o‘rtasidagi barcha sohalarda jadal rivojlanishga chog‘langan ishonchli, strategik asosga ega ikki tomonlama munosabat parvozining o‘ziga xos ibtidosi, deya tavsiflash mumkin.

O‘zbekiston Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigi sanaladi. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi jadal rivojlanayotgan va bir-biri uchun ahamiyatli savdo sheriklaridir. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti yuqori darajada rang-baranglashgani sabab katta iqtisodiy salohiyatga ega. Demak, Qozog‘iston O‘zbekistonga, shuning barobarida O‘zbekiston ham Qozog‘istonga katta qiziqish bilan qarayotgani bejiz emas. O‘zaro munosabat yangi pog‘onaga ko‘tarilishi ikki qardosh xalqning uzoq muddatli manfaatiga to‘la javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning takomillashuvi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari  o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga yordam beradi. O‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo, investitsiya, logistika sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, integratsiyalashgan sanoat texnoparklari, ilmiy-innovatsion klasterlar va erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish imkonini yaratadi.

Davlatlarimiz rahbarlari yaqin yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiqni ikki barobar oshirish va savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish masalasini qo‘ydilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari mustahkam tarixiy hamda madaniy ildizga ega. Ikki qo‘shni davlat uzunligi Moskvadan Parijga qadar masofaga teng keladigan -  2,5 ming kilometrlik umumiy chegaraga ega. Bugun bu sarhadlar – do‘stlik, qardoshlik va hamkorlik chizig‘iga aylanmoqda.

Irismat Abduxoliqov, 

O‘zA sharhlovchisi