Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi Maslahat uchrashuvida so‘zga chiqib, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida mintaqa mamlakatlari hamkorligini kuchaytirishga chaqirdi.
Bu haqda «Kazinform» axborot agentligi habar qildi. Toqayev, jumladan, Orol dengizi havzasi resurslaridan oqilona foydalanish uchun qat’iy choralar ko‘rish muhimligini ta’kidladi.
– Zamonaviy iqlim muammosi, suv va energetika manbalariga talab ortib borayotgani Orol dengizi havzasi suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralarni qabul qilishni taqozo etmoqda”,– dedi Qozog‘iston rahbari. – Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhi hisobotiga ko‘ra, mintaqadagi harorat sayyoramizning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha tez ko‘tarilmoqda. Iqlim o‘zgarishi jarayoni biz uchun asosiy suv manbai bo‘lgan muzlik maydoni qisqarishiga olib keladi.
Bundan tashqari atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish va mintaqada iqlim o‘zgarishi bo‘yicha muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish maqsadida Qozog‘iston Prezidenti tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlari loyihalash idorasini tashkil etish taklif qilindi.
Gulruh Abdullayeva, O‘zA