Qozog‘iston prezidentligiga ayol nomzod imzo to‘plashga kirishdi
Qozog‘iston markaziy saylov komissiyasi (MSK) seshanba kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Abden Karakat Jaksilikkizini prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish uchun imzo to‘plashga ruxsat berdi.
MSK qaroriga ko‘ra, Abdenga imzo to‘plash uchun varaqa beriladi. Uni prezident nomzodligiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kamida 118 ming 273 ta saylovchining ishonchli imzosi to‘planishi kerak. Nomzodlarni ro‘yxatga olish bosqichi 21 oktyabrda tamom bo‘ladi.
Qozog‘istonda muddatidan avval prezident saylovi 20 noyabrga belgilangan.
48 yoshli Abden jamoat arbobi hisoblanadi. U prezident huzuridagi ayollar ishi va oilaviy-demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya a’zosi. U avval poytaxt mahalliy vakillik organida deputat ham bo‘lgan.
Hozirgacha Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi mamlakat prezidentligiga sakkizta nomzodni ro‘yxatdan o‘tkazdi.