Qozogʻiston Prezidentining matbuot kotibi “Xabar” agentligi rahbari etib tayinlandi
Qozogʻiston Prezidentining matbuot kotibi Berik Uali “Xabar” agentligi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda “Xabar-24” telekanali maʼlum qildi.
“Berik Uali ”Xabar“ Agentligi” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bundan avval u prezident matbuot kotibi lavozimida ishlagan", – deyiladi xabarda.
14-fevralda “Kazaxstan” davlat teleradiokorporatsiyasi direktorlar kengashi aʼzolari Ualini oʻzlariga rais qilib saylagan edi.
Uali 1977-yilda tugʻilgan. T.Jurgenova nomidagi Qozogʻiston davlat teatr va kino institutini “kinoshunos” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Shuningdek, u Qozogʻiston milliy universitetida jurnalistika yoʻnalishida tahsil olgan, Qozogʻiston gumanitar-yuridik innovatsion universitetida huquqshunos mutaxassisligiga ega boʻlgan. Davlat rahbarining matbuot kotibi lavozimini u 2019-yil mart oyidan buyon egallab kelayotgan edi.