Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘iston prezidenti hukumat iste’fosini qabul qildi
12:10 / 2022-01-05

Ilgari “o‘ynashmagin arbob bilan...” degan naql bo‘lar edi, endi “o‘ynashmagin narx-navo bilan” degan ibora ushbu naqlning zamonaviy ko‘rinishiga aylandi chog‘i.

2022 yil Qozog‘istonda siqilgan gazning birdaniga ikki barobarga qimmatlashishi aholi uchun kutilmagan “syurpriz” bo‘ldi. Hukumatning bu qaroriga qarshi dastlab Janaozen va Oqtou shahri aholisi norozilik namoyishiga chiqdi.  

Qozog‘iston energetika vazirligi narx oshishiga izoh berar ekan, 1 yanvardan narxlar talab va takliflarga asoslangan holda elektron birja savdolarida shakllanishini aytgan.  

Prezident Qosim-Jomart Toqayev bu vaziyatni o‘rganish uchun maxsus komissiya tashkil etishga topshiriq berdi. Seshanba kuni hukumat namoyishchilarga yon bosishga qaror qildi. Oqtouda hukumat komissiyasi namoyish faollari bilan uchrashuv o‘tkazishdi va bir litr gaz narxini 50 tengegacha tushirishga va’da berishdi. Bu gap Mangistauda bo‘lib o‘tdi.  

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev murojaat bilan chiqib, aholidan aql bilan ish tutishni, ichki tashqi buzg‘unchilik harakatlar ta’siriga tushmaslikka chaqirdi. Ish shunga borib yetdiki, davlat rahbari Olmaota va Mangistau viloyatida favqulodda holat rejimini joriy qilib, soat tungi 23:00 dan ertalab soat 7.00 gacha komendantlik soati e’lon qildi, ommaviy tadbirlar taqiqlandi, odamlarning ko‘chada emin-erkin harakat qilishiga, jumladan, transport harakatlariga ham cheklov qo‘yildi. Keyinroq prezident Toqayev respublika hukumatini iste’foga chiqarish bo‘yicha farmonni imzoladi. 

Ijro hukumati vakillari yangi hukumat tarkibi tasdiqlanmagunicha o‘z vazifalarini vaqtincha bajarib turadigan bo‘lishdi. Qozog‘istonning vaqtinchalik bosh vaziri etib, uning birinchi o‘rinbosari Alixan Smailov tayinlandi.  

"Qozog‘iston Respublikasi hukumatining iste’fosi qabul qilinsin. Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri vazifasini vaqtinchalik bajarish Smailov Alixan Asxanovichga yuklatilsin", – deya keltiriladi farmon matnida. Eslatib o‘tamiz: Qozog‘iston hukumatini 2019 yil 25 fevraldan buyon Askar Mamin boshqarib kelayotgandi. Ijtimoiy tarmoq sahifalarining prezident matbuot xizmati bergan xabariga tayanib yozishicha, Toqayev ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Murat Nurtleu Qozog‘iston Respublikasi milliy xavfsizlik Qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.  

Qolaversa, Qozog‘iston rahbari 2019 yildan buyon davlat kotibi vazifasida ishlab kelayotgan Krimbek Kusherboyevni ham vazifasidan ozod qilib, uning o‘rniga o‘zining yordamchisi Yerlan Karinni yangi davlat kotibi etib tayinlagan.  

Qozog‘iston prezidentining bayonot berishicha, respublikada norozilik kayfiyati yuzaga kelishida asosan hukumat aybdor. Prezident ma’muriyati saytida xabar berilishicha, Toqayev mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha majlis o‘tkazgan. Prezidentning ta’kidlashicha, favqulodda holat tartibi o‘rnatilgandan keyin Olmaota va Mangistau viloyatida vaziyat asta-sekin izga tusha boshlagan. Narx bo‘yicha ham choralar ko‘rilgani aytilmoqda. 

Prezident matbuot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Toqayev siqilgan gaz va benzin narxlari 180 kunlik muddat bilan davlat tomonidan muvofiqlashtirib borilishi bo‘yicha topshiriq bergan. Bu topshiriq dizel yoqilg‘isiga ham tegishli bo‘ldi. Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Toqayev shuningdek, "ijtimoiy muhim ahamiyat kasb etgan oziq-ovqat mahsulotlari narxiga ham davlat tomonidan nazorat o‘rnatishni talab qilgan".  

Bundan tashqari, davlat rahbarining topshirig‘iga binoan, "180 kun davomida aholi uchun kommunal tariflarning oshishiga moratoriy joriy qilish” va “aholining kam ta’minlangan qatlami uchun ikkilamchi turar joylarga ijara to‘lovlarni subsidiyalash" masalasi ham ko‘rib chiqiladi. 

Shuningdek, prezidentning topshirig‘iga binoan, “Xususiy shaxslarning bankrotligi to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishga kirishiladi. Xususiy va davlat mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan “Qozog‘iston xalqiga” jamoatchilik fondi” tashkil etishga kirishiladi.

RIA Novosti muxbirining ma’lum qilishicha, ayni paytda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan Olmaotadagi Respublika maydoni harbiy zirhli avtomashinalar bilan o‘rab olingan, kommunal xizmatchilar maydonni tozalash bilan band. Asfalt ustida yorug‘lik va shovqin chiqaradigan granatalar izlari, piyodalar yuradigan yo‘laklar plitkalarning bo‘laklari, rezinali o‘qlarning bo‘shab qolgan gilzalari sochilib yotibdi, deyiladi xabarda.  

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, shaharda hali ham mobil internet ishlamayapti, xabarnomalar jo‘natish bloklab qo‘yilgan. Namoyishlar takrorlanishining oldini olish uchun harbiy xizmatchilarning bir nechta bo‘linmalari maydonning uzunasiga joylashtirilgan. Maydon yaqinidagi tashkilot idoralari xodimlari masofadan turib ishlashi uchun uyiga javob berilgan.


 
S.Rahimov, O‘zA