Qozog‘iston politsiyasi tartibsizliklar paytida o‘g‘irlangan 1,4 ming dona qurolni qaytarib oldi
Qozog‘iston huquq-tartibot organlari yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar paytida o‘g‘irlab ketilgan 1 ming 400 dona o‘qotar qurolni qaytarib olgan. Respublika ichki ishlar vazirligining tergov demartamenti boshlig‘i Sanjar Adilov brifingda shu haqda ma’lum qildi.
"Bugungacha mamlakat bo‘yicha 1 ming 430 dona qurol va 35 mingdan ortiq o‘q-dori topildi va olib qo‘yildi. Ular orasida 323 dona to‘pponcha, 148 dona avtomat, 195 dona travmatik to‘pponcha, to‘qqizta granatomyot, 69 dona maxsus qurol, sakkizta miltiq, oltita pulemyot va boshqa qurollar", – dedi u.
Qozog‘istonda yanvarning boshida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelgan edi. To‘polon ishtirokchilari politsiyachi va harbiylarga hujum qilishdi. 7 yanvarda vaziyat barqarorlashdi, butun mamlakatda joriy qilingan favqulodda holat 19 yanvarda bekor qilindi. Hukumatning bergan ma’lumotda keltirilishicha, tartibsizliklarda 230 kishi halok bo‘lgan, 4,5 ming kishi jarohat olgan.