Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoq orqali tarqalgan Olma-Otada “NATO markazi” ochilgani haqidagi ma’lumot yolg‘on, deya bayonot berdi.
– 2023 yil 3 oktyabr kuni Olma-Otada Qozog‘iston Respublikasi Mudofaa vazirligi tinchlikparvar amaliyot markazida yangi konferens-zalning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilgan, – deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda. – Tadbirda AQSHning ushbu mamlakatdagi elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirok etdi. Markaz tinchlikparvar faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv muassasasi sifatida 2006 yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, bu yerda gap Respublika mudofaa vazirligi qoshidagi davlatga qarashli qo‘shimcha ta’lim muassasasi haqida ketmoqda. Markazning asosiy maqsadi “harbiy, politsiyachi va fuqaro xodimlarni xalqaro gumanitar huquq, tinchlikparvarlik bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha faoliyatidagi me’yoriy-huquqiy baza asosida BMT standartiga tayyorlash hamda til o‘rgatishdir.
Qo‘shimcha qilinishicha, muassasa tinchlikni qo‘llab-quvvatlash o‘quv markazlari xalqaro assotsiatsiyasi (IAPTC) tizimiga kiradi.
“RIA Novosti” xabar qilishicha, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ayni mavzu bo‘yicha izoh berar ekan, Moskva Ostonadan ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot kutadi, degan.