French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘iston bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik rivoj topmoqda
17:43 / 2025-10-16

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Xususan, 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uning doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan Qozog‘istonning nufuzli klinikalari bilan tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. Qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish va soha mutaxassislari malakasini oshirish, mahorat darslari va ko‘rgazmali jarrohlik amaliyotlari tobora uzluksiz davom etmoqda.

Tojikistonning Dushanbe shahrida o‘tkazilgan MDHga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik Kengashining 38-yig‘ilishi doirasida mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlarda joriy yil 13-17 oktyabr kunlari yurtimizning to‘rtta hududida Qozog‘iston tibbiyot kunlari hamda “O‘zbekiston - Qozog‘iston”  tibbiyot forumini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida kadrlar tayyorlash va tajriba almashish ko‘lamini kengaytirishga kelishib olingan edi.

Ushbu kelishuvga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasidan bir qator tajribali tibbiyot xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safariga kelishdi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasida mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir yakunida mazkur oliy o‘quv yurti rektorining, shuningdek Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston filiali direktorlarining Qozog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan vakillar bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.  

Kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida qozog‘istonlik tibbiyot xodimlari hamda akademik Yo.X.To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tajribali mutaxassislari ishtirokida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda institut professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri