Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozog‘iston Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi
15:48 / 2020-01-29

Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Xitoydan Qozog‘istonga kelgan besh kishi shifoxonaga yotqizilgan.


Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Xitoydan Qozog‘istonga kelgan besh kishi shifoxonaga yotqizilgan. 

“Ertalab to‘rt nafar bemor shifoxonaga yotqizildi, ularning ikki nafariga ruxsat berildi. Hozirgina Olmaotada yana bir bemorning shifoxonaga yotqizilgani haqida qo‘shimcha ma’lumot keldi. Shuningdek, Oqmola viloyatida bir oila shifoxonaga yotqizildi. Ular ham Xitoydan kelgan. Ularning hammasida yuqumli infeksiya alomatlari bor”, dedi Jandarbek Bekshin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu oilaning ikki farzandida yuqori harorat kuzatildi. “Kattalarda alohida kasallik alomatlari yo‘q, ammo ular muloqotda bo‘lganlari bois shifoxonaga yotqizildilar”, dedi Bekshin.

U 6 yanvardan keyin Xitoydan kelgan fuqarolarga murojaat qilar ekan, yashash hududidagi oilaviy poliklinikalariga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun doimiy ro‘yxatga yozilib qo‘yishlarini so‘radi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bundan avval bayonot berib, Xitoyda koronavirusning yangi turi tarqalayotgani bois Xitoy fuqarolari uchun viza rejimi cheklanganini ma’lum qilgan edi.

Hukumat Xitoy fuqarolarining Qozog‘iston hududlarida tranzit bo‘lishlari uchun beriladigan 72 soatlik viza tartibini vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi, shuningdek, Xitoy fuqarolarining kelishi bilan aeroportda elektron vizalarni rasmiylashtirilishi ham to‘xtatildi.

Qozog‘iston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda 1 300 nafar Qozog‘iston fuqarosi bor, ularning yarmi Xaynan kurortlarida dam olayotgan sayyohlardir.

Mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shuhrat Nurishevning aytishicha, hukumat Pekinga murojaat qilib 98 nafar qozog‘istonlik talabaning koronavirus markazi deya sanalayotgan va karantin joriy qilingan Uxan shahridan chiqib ketishiga ruxsat berishini so‘ragan.

28 yanvar kuni Xitoy rasmiylari yangi respirator virusidan halok bo‘lganlar soni 106 nafarga yetgani va kasallikka chalinganlar soni to‘rt ming kishidan oshib ketganini ma’lum qilgan.

Ayrim qo‘shni davlatlar, jumladan Qirg‘iziston bundan avval Xitoy bilan chegaralar yopilishi haqida ma’lum qilgandi.