Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri koronavirusga chalindi
15:00 / 2020-06-14

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov COVID-19 tashhisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda mulozimning oʻzi ijtimoiy tarmoq orqali maʼlum qilgan.


Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov COVID-19 tashhisi bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda mulozimning oʻzi ijtimoiy tarmoq orqali maʼlum qilgan.

“Doʻstlarim, afsus bilan ushbu noxush xabarni bildirishga majburman. Oxirgi marta mendan olingan koronavirus testi natijasi musbat chiqdi. Bu kasallikning belgisiz shakli emas, shuning uchun meni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi”, – degan Birtanov.

Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbari vaziyatga aniqlik kiritishicha, u barcha sanitar talablarga amal qilgan, biroq oʻz faoliyati doirasidagi xavf-xatarlar ehtimolidan xoli boʻla olmagan. Taʼkidlanishicha, keyingi vaqtlarda respublikaning bir qator mintaqalarida zararlanish holatlari yana koʻpaygan.

“Koʻplab fuqarolarimiz hozir Qozogʻistonda global inqiroz va pandemiya oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida jadal ish olib borishmoqda. Ayni maqsadda qator oʻzaro uchrashuvlar oʻtkazish, hududlarda boʻlishga toʻgʻri kelmoqda. Tabiiyki, bu jarayonda COVID-19 bilan zararlanish xavfi keskin ortadi”, – deya qayd etib, vazir yurtdoshlarini “shaxsiy karantin”ga rioya qilishga chaqirgan.

Yodingizda boʻlsa, bir necha kun oldin Qozogʻiston prezidentining matbuot kotibida ham koronavirus aniqlangani haqida xabar bergan edik.