English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qozogʻiston amaldorlari milliardlab byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirishni choʻzmoqda
15:22 / 2018-12-12

Qozogʻistonda davlat idoralari bu yil respublika byudjetidan turli dastur va loyihalarga ajratilgan 28 milliard tengeni oʻzlashtira olmadi.


Qozogʻistonda davlat idoralari bu yil respublika byudjetidan turli dastur va loyihalarga ajratilgan 28 milliard tengeni oʻzlashtira olmadi. Bu 75 million dollardan ortiq mablagʻdir.

Shu bilan birga mamlakat viloyatlaridagi ayrim amaldorlar byudjet mablagʻlari hisobidan oʻzlariga dangʻillama uylar sotib olmoqda, ammo oʻz mintaqalarida pullarni ishlata olmayapti. Ularning fikricha yil tugashiga vaqt bor.

Boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Pavlodar rahbari Anuar Kumpekeyev bu yil qancha bolalar maydonchasi qurgani va qancha daraxt oʻtqazganini namoyish qildi. Uning soʻzlariga qaraganda, buning uchun byudjetdan 77 million tenge sarflangan. Bu 207 ming dollar deganidir. Amaldor bir narsani: shahar xazinasidan olingan 50 million tengega uy qurganini aytishni unutdi. Bu uy shaxsan oʻzi uchun qurilgan. Toʻgʻri, amaldorga uy kerak, demoqda viloyat maʼmuriyati, ammo bu qadar hashamatli boʻlishi kerak emas-da.

“Viloyat hokimi byudjet mablagʻlari samarasiz ishlatilayotganini bildirgan holda, hashamatli uy sotib olgani uchun Pavladar shahar hokimiga hayfsan eʼlon qildi hamda bu uyni boshqa bir nechta xonadonlarga almashtirish, bu xonadonlarni esa navbatda turgan yetim bolalarga topshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqishni topshirdi“, – deydi Pavlodar viloyati maʼmuriyati matbuot kotibi Azamat Baytenov.

Moliya vazirligi bu yil amaldorlar tomonidan 28 milliard tenge yoki 75 million dollar oʻzlashtirilmaganligini hisoblab chiqdi. Bu pullar yoʻllar va maktablar qurilishiga ishlatilishi mumkin edi, biroq bunga xalaqit beruvchi sabablar boʻldi. “Oʻzlashtirilmaslikning sabablari – ishlar oʻz vaqtida bajarilmagani, xizmatlar koʻrsatilmagani, tovarlar xarid qilinmaganidadir“, – deya taʼkidlaydi Qozogʻiston moliya vaziri Alixan Smailov.

Byudjet mablagʻlarining oʻz vaqtida ishlatilmasligining sabablari juda ham koʻp, deydi “Sandj“ tadqiqot markazi direktori Janar Jandosova. Davlat idoralarida moliya yili yanvar oyida boshlanadi, pullar esa ularga mart oyida kelib tushadi. Shundan soʻng, muassasalar tenderlarni eʼlon qiladi va bu jarayon ishonchli yetkazib beruvchi topilmagunga qadar uzoq davom etadi. Natijada turli dastur va loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun vaqt oz qoladi va aholining ehtiyojlari unutiladi, deydi sotsiolog.

Ostonada moliyaviy yil tugashiga 12 ish kuni qoldi. Oy oʻrtalarida Mustaqillik kuni munosabati bilan bir nechta dam olish kunlari bor. Moliya vazirligining ishonishicha, mintaqalarda ishlatilmagan milliardlab tengeni oʻzlashtirishlari uchun vaqt bor. Bu pullar nimaga ishlatiladi – bu hozircha noaniq.