Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘ziqorin yetishtiruvchilar ko‘paymoqda
17:39 / 2024-04-15

O‘rta Chirchiq tumanida qo‘ziqorin yetishtirishni ommalashtirish, joylarda qo‘shimcha ish o‘rinlari va eksport salohiyatini oshirish yuzasidan amaliy seminar o‘tkazildi. Unda barcha tuman va shaharlarning hokimlari, qishloq xo‘jaligi xodimlari, hudud tadbirkorlari qatnashdi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev mazkur tarmoqning serdaromadligi, har qanday sharoitda ham yetishtirish mumkinligini ta’kidladi. Ishtirokchilarga bu orqali ishsiz fuqarolarga yarim tayyor mahsulotlarni yetkazib berish hamda ularni qo‘ziqorin yetishtirishga o‘rgatish bo‘yicha tavsiyalar berildi.  

Tumanda faoliyat yuritayotgan “Manniyev agro klaster” MCHJ rahbari Rustam Mivanchinov faoliyatini dastlab ikki sotixdagi issiqxonada boshlagan bo‘lsa, hozirgi kunda kooperatsiya tashkil qilgan va 9 turdagi tayyor mahsulotlarni bozorga yetkazib bermoqda. Oilaviy korxona hozirgi kunda intensiv usulda qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanib kelayotgan ilg‘or tadbirkorlardan hisoblanib, kooperatsiya usulida yetishtirayotgan mahsulotini qayta ishlab, mahalliy bozorlarga tayyor holatda yetkazib bermoqda.  

Tadbirkor mahalladagi doimiy daromadga ega bo‘lmagan va ishsiz 30 nafar fuqaroga mahsulot tayyorlashni o‘rgatib, 20 nafar qo‘shimcha ishchi o‘rnini yaratdi. Hozirgi paytda O‘rta Chirchiq tumanidagi 120 dan ziyod xonadonda kooperatsiya usuli bilan qo‘ziqorin yetishtirib, qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydi.  

– Mahallalardagi ishsizlarga o‘simlik urug‘ini bepulga tarqatib, tayyor holatga kelganidan so‘ng, bozor narxida sotib olamiz, – deydi tadbirkor. – Bundan tashqari, korxonamizda yana 20 ta ish o‘rni ham yaratilgan. Biz ishlab chiqarayotgan 10 turdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlariga hozirgi kunda nafaqat mahalliy bozorlarda, balki qo‘shni davlatlarda ham talab ortmoqda.  

Seminar qatnashchilari xonadonlarga kirib, jarayonlar bilan tanishdi. Suhbat davomida hokimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.  

A.Musayev, O‘zA muxbiri