Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘ychilik mo‘may daromad manbai
10:55 / 2024-06-27

Chorva bor uyda baraka, daromad bo‘ladi. Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida chorvachilikda o‘ziga xos tajriba yaratayotganlar ko‘plab topiladi.

Quva tumanidagi “Nayman” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Quvonchbek Zohidjon fermasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘ychilik yo‘nalishida ancha mashhur. Bu yerda ishlar innovatsion, ya’ni o‘ziga xos yangi uslubda, birinchi navbatda, naslchilikka e’tibor bergan holda tashkil etilgani bois natijalar salmoqli bo‘lmoqda. Eng asosiysi, ferma eshiklari “Qo‘ychilik bilan shug‘ullanaman, shu sohadagi yangiliklarni o‘zlashtiraman”, degan har bir kishiga doim ochiq. 

– Fermamiz har kuni xonadonida qo‘y boqayotgan yoki endi bu yumushga qo‘l urmoqchi bo‘lgan hamyurtlarimiz bilan gavjum bo‘ladi, – deydi mazkur jamiyat rahbari Zohidjon Hakimov. – Biz bajonidil ularga peshvoz chiqamiz. Chunki yurtimizda, xususan, tumanimizda ham qo‘ychilikni rivojlantirish, shu soha orqali mo‘may daromad olish uchun  barcha shart-sharoitlar mavjud. Faqat bu sohadagi yangiliklarni o‘zlashtirib, uni faoliyatimizga tatbiq etish uchun astoydil harakat qilish talab etiladi.  

[gallery-18012]

Ayni kunlarda 800 bosh sovliq va 400 taga yaqin bo‘rdoqi qo‘y boqilayotgan fermadagi ishlar o‘rgansa, ibrat olsa, arziydi. Avvalo, 4 sotix joyda tagi pol qilingan kichik qo‘yxonada 150 bosh qo‘y boqilayotgani e’tiborimizni tortdi.  

– Odatdagi qo‘yxonalardan farqli ravishda bunday ixcham qo‘yxonalarning foydali jihatlari juda ko‘p, – deydi Zohidjon Hakimov. – Birgina qo‘ylarning tagini doimo toza tutish imkoniyati paydo bo‘lishining o‘zi ona qo‘y va qo‘zilarni turli kasalliklardan asraydi. Biz bu usulda qo‘y parvarishlab, yiliga 200 million so‘mdan ziyod sof daromad olish mumkin ekanligini amalda isbotlaganmiz. Shu bois bizga murojaat qilayotgan hamyurtlarimizga bu borada o‘z tavsiyalarimizni berib, qo‘y parvarishini shu usulda tashkil etishni taklif qilyapmiz. Bu boradagi ko‘p yillik tajribalarimizni ular bilan o‘rtoqlashyapmiz.  

Chorvachilikda ilm, yangicha yondashuv muhim ahamiyatga ega. Buni yaxshi anglagan “Quvonchbek Zohidjon fermasi” mutaxassislari naslchilikka katta e’tibor qaratishyapti. Bu borada hukumatimiz yaratib berayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, yurtimizda serdaromad, istiqbolli loyihalarni  yo‘lga qo‘yish maqsadida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyalik hamkasblari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.  

 Ayni kunlarda quvalik chorvadorlardan ibrat olib, shu sohaga kirayotgan hamyurtlarimizning soni kundan-kunga  ko‘payotgani quvonarli holdir. Chunki o‘zimizning yurtimizda mavjud bo‘lgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mo‘may daromadga ega bo‘lish asnosida oila farovonligiga erishish qanday yaxshi.  

– Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda qo‘y parvarishiga oid tajribalarimizni doimo yoritib boramiz, – deydi Zohidjon. – Bizning faoliyatimizdan ibrat olib, o‘z xonadonida qo‘ychilikni tashkil etgan minglab izdoshlarimiz borligidan faxrlanamiz. Zero, ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan chorvachilikning rivoji farovon turmush tarzimizning uzviy bir qismidir.  

M.Sulaymonov,

M.Qodirov(surat),O‘zA muxbiri