English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qotillik tamg‘asi: ayol tufayli yigit umri xazon bo‘lmasin
14:49 / 2022-10-24

Hayot yo‘llarida turfa taqdirlarni uchratamiz. Eng achinarli taqdirlar mahkumlarniki bo‘lsa kerak. Chunki sovuq panjaralar ichra umrning sovrilib ketayotganini his qilib yashashdan og‘iri yo‘q.

Ayniqsa, otalarga qiyinligini erkak mahkumlar saqlanayotgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Tovoqsoy qishlog‘idagi jazoni ijro etish muassasasida chuqurroq his qilish mumkin.   

Qay biri bilan suhbatlashmang, (ota bo‘lganlari) faqat «bolam... o‘g‘lim, qizim», deydi.   

Suhbat farzandlarga taqalganda, temir yuraklar ham eriydi, go‘yo. Ko‘zlarda yosh qalqiydi.   

<iframe width="1180" height="664" src="https://www.youtube.com/embed/hIXHWDqBmQ0" title="Qotillik tamg‘asi: ayol tufayli yigit umri xazon bo‘lmasin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Mahkum otalarni nafaqat farzand sog‘inchi, balki ularning kelajagiga salbiy ta’sir qilib qo‘yganlaridan nadomat azobi ko‘proq ezayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.  Ayniqsa, qotillik tamg‘asi hammasidan og‘iri...   

Xiyonat ustida turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib qo‘ygan yigit, nazarimda, qotillik qilib qo‘yganidan emas, balki farzandlari taqdiriga shu narsani o‘z qo‘li bilan bitib qo‘yganidan ko‘proq nadomat chekmoqda.   

Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilib o‘sgan G‘ulom Jumayev baliqchilik bilan shug‘ullangan. Halol kasbi kori tufayli o‘zining uy-joyi, havas qilgulik oilasi bor edi. O‘g‘li, qizi kamolga yetayotgandi.  Biroq, uy bekasining noshukrligi, xiyonati bu oilani parokanda qilib yubordi.   

Ona qaro yerga, ota uzoq yillik qamoqqa, bolalar esa yetimxonaga ravona bo‘lib, o‘choq boshi huvillab qoldi.   

Boshqa suhbatdoshlarimizdan farqli ravishda G‘ulom Jumayev shaxsini oshkora yozishimizni, so‘zlarini butun xalq eshitishini istadi. Toki, «men qilgan xatoni boshqalar qilmasin, ayniqsa ayoli tufayli erlar yigit umrini qamoqda chiritmasin. Men sha’n uchun shunday ishga qo‘l urganim bilan keyin qattiq afsus chekdim. Chunki umrimni havoga sovurib qo‘ydim», deydi mahkum.   

Demak, eshitamiz:   

«1983 yilda tug‘ilganman. 2020 yilda Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan 17 yilga ozodlikdan mahrum etilganman. 2013 yil ayolim bilan turmush qurgandim. 7 yil davomida birga yashab, ikki nafar farzandli bo‘ldik, yaxshi yashaganmiz. Jahl ustida pichoqlab o‘ldirib qo‘ydim. Og‘ir fojia bo‘ldi...   

Turmush o‘rtog‘im uy bekasi edi. Sharoitimiz yaxshi edi. Lekin ancha oldin ayolim haqida har xil gaplar eshitdim. Ko‘zim bilan ko‘rmaganim, guvoh bo‘lmaganim uchun hech narsa qilmadim. Qing‘ir ishning qiyig‘i baribir chiqadi, deb o‘yladim. Ishga ketib-kelib yuraverdim. Bir kuni telefonda gaplashganini sezib qoldim. Qo‘y, unday qilma, deb aytdim. Ikki nafar gulday farzandimiz bor, tirik yetim qilib qo‘ymaylik, deb tushuntirdim. Xo‘p-xo‘p, dedi. Lekin yana davom etaverdi. Bir kuni ishdan kelsam, ular birga ekan...   

Boshim qizib ketdi, miyam to‘xtab qoldi. Nima qilayotganimni bilmasdim, pichoqni olib ayolimga uch marta urdim... Keyin qilgan ishimdan qo‘rqib ketib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim... Qish, ko‘cha sovuq bo‘lishiga qaramay, o‘zimni ko‘chaga urdim. Avvaliga yugurib, keyin piyodalab tuman ichki ishlar bo‘limiga yo‘l oldim. Ertalab militsiyaxonaga yetib bordim...  

 "Jahl kelganda, aql ketadi", deyishadi. Hech qachon jahlga erk bermaslik kerak ekan. Farzandlarni tirik yetim qilmaslik kerak.  Kuchim bor deb qotillik qilish odamni o‘ziga jabr, o‘ziga tamg‘a...»   

Ha, haqiqatan bu tamg‘a. Garchi qotillikni oqlab bo‘lmasa ham halol mehnat qilib yurgan bir yigitning bu ko‘yga tushgani juda achinarli. Uning ko‘zlaridan oqayotgan achchiq ko‘z yoshlar kimningdir ko‘zini ochsa, saboq bo‘lsa, ajab emas.   

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu kabi suhbatlarimizni davom ettiramiz.   

Norgul Abduraimova,  

Nishon Abduvoitov (video), O‘zA