Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qotillik jinoyatlarining 51 foizi oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir etilgan
14:01 / 2026-01-27

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat prokurori M.Eshnazarov 2025 yilda hududda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va uning omillarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida axborot berdi.

– Davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat prokuratura organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, – dedi Murodqosim Eshnazarov. – Har bir mahallada huquqbuzarlikning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi. Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirlar yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Yo‘l xaritalari ijrosi yuzasidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, mahallalarga 22634 ta kamera, 3537 ta domofon o‘rnatildi. 3854 ta “namunaviy xavfsiz yo‘lak”, 1637 ta “namunaviy xavfsiz ko‘cha” tashkil etildi. 21835 ta ob’ekt texnik qo‘riqlovga olinib, 488 ta tashvish tugmasi o‘rnatildi. Huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 97 ming nafarga yaqin shaxsning maishiy-ijtimoiy muammolari hal etildi. Bu ishlar natijasida 404 ta o‘g‘rilik, bezorilik va boshqa turdagi jinoyatlar hamda 476 nafar shaxslarning jinoyat qurboni bo‘lishi oldi olindi. Shuningdek, 6128 ta jinoyat fosh etilib, qidiruvda bo‘lgan 1110 nafar shaxs ushlandi, 3241 ta jinoyat aniqlandi. Jinoyat sodir bo‘lgan va “qizil” toifadagi mahallalar 10 foizga kamayishiga erishildi.  

Biroq kiberjinoyatlarning keskin ko‘payganligi, jinoyatlarni aniqlash hamda o‘z vaqtida va to‘liq hisobga qo‘yilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilganligi jinoyatchilik statistikasi oshishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Yil davomida viloyatda 15998 ta jinoyat hisobga olinib, 2024 yilga nisbatan 70 foizga ko‘paydi. Bu jinoyatlarning 7601 tasi (48 foizi) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etdi. Tahlil qilinganda mazkur jinoyatlarning 98,6 foizi ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual muhitda sodir etilgani aniqlandi. Bunday tahdidlardan himoyalanishning muhim vositasi sifatida aholining kiberxavfsizlik madaniyatini oshirish, bu borada zarur bilim va ma’lumotlarni o‘zlashtirishi uchun profilaktik tadbirlar kuchaytirildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda viloyatda sodir etilgan zo‘ravonlik va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning 32 foizi (269 ta), qotillik jinoyatlarning 51 foizi (18 ta) oilaviy kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan. Jumladan, bu jinoyatlarning 85 foizi qarindoshlar bilan murosasizlik, 9 foizi rashk hamda 6 foizi o‘ch olish va mol-mulk talashish oqibatida sodir etilgan.

Viloyat prokurori “Oiladagi sog‘lom muhit – xavfsiz ko‘cha va xavfsiz mahalla tayanchi” tamoyili asosida oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, ijtimoiy profilaktika tizimini yanada yaxshilash yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari, mahalla va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimligini ta’kidladi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri