Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qosim-Jomart TOKAEV: “Qozog‘iston liberallashtirish va siyosiy islohotlar o‘tkazish yo‘nalishiga sodiq”
10:27 / 2019-09-10

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokaev birinchi marta xalqqa Murojaat bilan chiqdi. U yaqin istiqbolda mamlakat oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtaldi.


ShARH

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Tokaev birinchi marta xalqqa Murojaat bilan chiqdi. U yaqin istiqbolda mamlakat oldida turgan eng muhim vazifalarga to‘xtaldi.

Aytish joizki, Markaziy Osiyoning “lokomotiv”laridan biri Qozog‘iston Respublikasi yana chinakam rahbarga yolchidi. Qozog‘iston istiqlol yillarida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. Ammo hayot shiddat bilan rivojlanmoqda. Global miqyosda o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun taraqqiyot strategiyasiga oid yondashuvlarni o‘zgartirish lozim.

Prezident Qosim-Jomart Tokaev davlat tepasiga kelgan kunidan boshlab islohotchi prezident ekanini namoyish etdi.

Qozog‘iston haqida gap ketganda ko‘z oldimizga dinamik tarzda bozor iqtisodiyoti yo‘lidan rivojlanayotgan, kuchli ijtimoiy va fuqarolik institutlari ega zamonaviy va progressiv mamlakat keladi.

Birinchi prezident Nursulton Nazarboev boshchiligida Qozog‘istonda mamlakatni tinch yo‘ldan yetaklash va fuqarolarning farovonligini yanada oshirishning mustahkam poydevori qurilgan.

Keskin konstitutsiyaviy, siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘tkazildi. Shunday bo‘lsa-da, Prezident Tokaevning mavjud taraqqiyotdan ko‘ngli to‘layotgani yo‘q. Endi mamlakatni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish vaqti allaqachon yetib keldi.

O‘zining Qozog‘iston xalqiga birinchi Murojaatnomasida Qosim-Jomart Tokaev hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari, davlat organining har bir rahbari, har bir davlat kompaniyalariga yaqin yillar uchun aniq va tiniq yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Shubhasiz, Qozog‘istonning amaldagi prezidenti oldida turgan eng og‘riqli masala bu yechilishi lozim bo‘lgan ijtimoiy vazifalar, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan, avgust oyida maktab o‘qituvchi va pedagoglarining konferensiyasida to‘rt yil mobaynida o‘qituvchilarning maoshini ikki barobar oshirish topshirig‘i yangragan bo‘lsa, Murojaatnomada “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilish orqali o‘qituvchining jamiyatdagi maqomini oshirish bo‘yicha o‘z rejalarini sezilarli kengaytirdi.

Tan olish kerak, respublikaning ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohalariga xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga yetkazishdek ambitsiyali rejalari bor.

Qozog‘iston bu ko‘rsatkichlarga erishish yo‘lida asta-sekin, ammo tizimli tartibda odimlamoqda, maqsadlarga erishish uchun imkoniyatlar yetarli. Xususan, Milliy bank va Milliy fond zaxiralarining mavjudligi Qozog‘istonning barqaror suveren kredit reytingini saqlab turibdi, bu esa ko‘zlangan dovonlar yaqinligi borasida dadil gapirish imkonini beradi.

Tibbiy xizmat sifatni ta’minlash haqidagi bayonot ham xalqning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Prezident davlat bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi saqlab qolinishini tasdiqladi. Darvoqe, hajmi oxirgi uch yilda 17 martadan ko‘proqqa oshgan ijtimoiy ko‘mak tizimi ham yanada rivojlantiriladi.

IQTISODIYoTSIZ IJTIMOIY ISLOHOTLAR IMKONSIZ

Tokaev kuchli va barqaror iqtisodiyotsiz ijtimoiy islohotlar imkonsizligini yaxshi tushunadi. Shuning uchun Qozog‘iston rahbari iqtisodiy vazifalar yechimida mamlakatni rivojlantirish poydevorini ko‘radi. Uning fikricha, eng avvalo, samaradorlik, ilm-fan jadalligi va raqamlashtirish ustuvor kasb etishi kerak. Raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni bir necha barobar o‘stirish, korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini beradi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar o‘tkazgan tahlillar ham buni tasdiqlaydi.

Murojaatnomada qishloq xo‘jaligi tizimiga alohida e’tibor qaratildi. Agrar sektorga katta umidlar bog‘landi. Bu bejiz emas, albatta. Axir, Qozog‘iston hududi bo‘yicha dunyoning 9-o‘rinda turuvchi davlati. Agar yerdan unumli foydalanilsa, Qozog‘iston dondan tashqari, meva-sabzavot va bog‘dorchilik mahsulotlari bilan dunyo bozorlarini zabt etishi mumkin. Tokaev fikricha, agrar sektor butun Qozog‘iston iqtisodiyotining drayveri bo‘lishi kerak.

Prezident Tokaev yana bir bor qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik yerlar xorijliklarga sotilmaslikni tasdiqladi. Yerlardan insofsizlarcha foydalanish, to‘g‘rirog‘i, yer uchastkalaridan ayrim “latifundistlar”ning foydalanmayotgani muammosi mavjud bir paytda ushbu bayonotning yangragani o‘rinli. Endi qishloq joylarida yerdan unumli foydalanish yuzasidan taftish o‘tkaziladi.

Boz ustiga, Prezident Murojaatidan keyin hukumatni yerni boshqa davlatlar fuqarolariga sotish maqsadida ayblayotgan, mavzuni “chaynayotgan” ayrim muxoliflarning ovozi “o‘chdi”. Shubhasiz, qishloq xo‘jaligidagi islohotlardan maqsad – iqtisodiy foyda ko‘rish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir.

IJTIMOIY ILLAT

Ma’lumki, korrupsiya har qanday jamiyatni ichidan kemiruvchi og‘ir ijtimoiy illat. Sobiq sovetlar makonida korrupsiya tufayli jamiyat va biznes qattiq talofat ko‘rmoqda. Qozog‘iston Prezidentining korrupsiyaviy jinoyatlar, poraxo‘rlik va tama’girlikka qarshi kurashish borasida bildirgan fikrlari kichik va o‘rta biznes vakillarini ilhomlantirib yubordi.

Jamiyat va davlatning o‘zaro hamkorligi sohasida qonuniylik muhimligi, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi aytildi, ayniqsa, shaxsga nisbatan og‘ir jinoyatlar, jinsiy daxlsizlik, maishiy zo‘ravonlikka boshqa chidab bo‘lmasligi kun tartibiga qo‘yildi.

Zo‘ravonlarni jazolashni kuchaytirishga qaratilgan urg‘u, bu – Prezident va uning idorasi jamiyatga qarshi qaratilgan chaqiriqlarga hozirjavobligidan dalolatdir. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning kuchli aks-sado bergan hodisalari bahor va yoz oylarida jamoatchilikka oshkor bo‘ldi, bu Prezident e’tiboridan chetda qolmadi. Mana endi oliy minbardan turib, zo‘ravonlar va pedofillarga qarshi jazoni kuchaytirish topshirig‘i berildi.

Qozog‘iston Prezidenti faqat ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar bilan cheklangani yo‘q. Tokaev o‘z Murojaatnomasida yana liberallashtirish va siyosiy islohotlar o‘tkazish yo‘nalishiga sodiqligini tasdiqladi. U siyosiy raqobat va ko‘p partiyaviylikni, ijtimoiy va fuqaroviy muloqotni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Qosim-Jomart Tokaev o‘zining xalqqa qilgan birinchi Murojaatida mamlakatda siyosiy raqobatni rivojlantirish niyatida ekanini bildirdi. Shuningdek, davlat apparati xodimlarini 25 foizga qisqartirish rejasini oshkor qildi. Tokaevning fikricha, mamlakatda ko‘p partiyali tizimni rivojlantirish kerak.

“Davlat rahbari sifatida, men ko‘p partiyaviylik, siyosiy raqobat va mamlakatda fikrlar xilma-xilligini rivojlantirishga hissa qo‘shishni vazifam deb bilaman. Bu uzoq muddatli istiqbolda siyosiy tizimning barqarorligi uchun muhimdir”, deyiladi murojaatda. Shu bilan birga mamlakatda Konstitutsiyaga zid chorlov va bezoriliklardan iborat bo‘lmagan tinchlik aksiyalari va mitinglarini o‘tkazishga ruxsat berish kerakligini bayon qildi.

“Agar aksiyalar qonun va fuqarolar tinchini buzishga qaratilgan bo‘lmasa, belgilangan tartibda ularni o‘tkazishga ruxsat berish, jumladan, ularga shahar chetida bo‘lmagan maxsus joylar ajratilishi kerak“. Shu nuqtai nazardan, prezident Tokaev qonunda belgilangan tartibda fuqarolarning tinch aksiyalarda ishtirok etishiga yo‘l berish uchun tegishli tuzilmalarga mitinglar to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish topshirig‘ini berdi.

Qozog‘iston rahbarining bu bayonotlari neft va boshqa tabiiy resurslarga boy Markaziy Osiy davlati yaqin vaqtlarda nafaqat iqtisodiy yuksalishni namoyish etmoqchi ekanligidan, balki mavjud an’analarga ko‘ra, jamiyatni demokratlashtirish borasida kuchli qadamlarga qo‘l urmoqchi ekanligidan dalolatdir. Prezident Qosim-Jomart Tokaevning xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi davlat va hukumatning islohotlar yo‘liga sodiqligi va qat’iyatidan dalolat beradi.

IJOBIY O‘ZGARIShLAR SARI

Tan olish kerak, Qozog‘iston Prezidentining ushbu tarixiy nutqidagi har bir jumlaga nisbatan internet saytlari, ijtimoiy tarmoq sahifalarida jo‘shqin munosabat bildirilmoqda. Bu bejizga emas, chunki Qozog‘iston davlati rahbari o‘z nutqida xalqona gapirdi, odamlarni dardini gapirdi, ularni ich-ichidagi, yurak-yuragidagi kechinmalarini o‘zlarining tilidan so‘zladi.
Qozoq xalqining qanday hayot kechirishi jiddiy muhokama etildi. Prezident har bir sohaga e’tibor qaratdi. Mamlakatning yutuq va kamchiliklarini ro‘yi-rost ochib berdi, istiqbolli taklif va tavsiyalarni ilgari surdi.

Xulosa qilib aytganda, Qosim-Jomart Tokaev o‘zining bu tarixiy Murojaatida jamiyatning barcha qatlamida mavjud bo‘lgan holatga to‘g‘ri va oqilona baho berib, har bir sohadagi muammo va kamchilikni batamom tugatish va bartaraf etish zarurligini, aks holda, kutilgan ijobiy o‘zgarishlarga erishish imkonsiz ekanini qat’iy ma’lum qildi.

Abduvali SOYIBNAZAROV