Qo‘shtepada loyiha qiymati 115 million yevro bo‘lgan yirik tekstil-to‘qimachilik korxonasi barpo etilmoqda
Aholi daromadlarini ko‘paytirish, turmush sharoitlarini yaxshilashda ish o‘rinlarini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida bu borada yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. "Global Textile Infinity" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan tekstil-to‘qimachilik korxonasi ish boshlasa, qariyb 3000 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tumandagi o‘rganishlari davomida "Nurafshon" MFYda qad rostlayotgan ushbu yirik korxonada bo‘lib, bu yerdagi qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

Jami 115 million yevro investitsiya hisobiga amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning 67 million yevro qismi xorijiy sarmoya bo‘lsa, 48 million yevro korxonaning o‘z mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Korxonada kalava ip va sifatli mato, tayyor mahsulotlar tayyorlanadi. Yiliga 65 million yevro eksport qilish salohiyatiga ega. Korxona direktori Otabek Nishanov viloyat rahbariga bular xususida atroflicha ma’lumot berdi.

M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), O‘zA