FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasi mamlakatimizda ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirilmoqda. Prezident tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar hududlarda, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ta’lim va kasb imkoniyatlarini yaratayotir.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining Qiyqi mahallasi hududida faoliyat boshlagan “Cahub” zamonaviy kasblar akademiyasi yoshlar va barcha qiziquvchilar uchun ochiq ta’lim maskaniga aylandi. Joriy yil aprel oyidan faoliyat boshlagan markaz qisqa vaqt ichida 200 nafardan ziyod tinglovchini qamrab oldi. Ayni paytda akademiyada kompyuter savodxonligi, veb-dasturlash, SMM, mobil videografiya va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Quvonarlisi bu yerda nafaqat o‘quvchi-yoshlar, balki turli soha vakillari, xususan, 80 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari ham o‘z bilimini oshirmoqda.
[gallery-26877]
Markaz tuman hokimligi ko‘magida zarur texnika vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, o‘quv jarayoni malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Maqsad – yoshlarni IT sohasiga jalb etish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Shuningdek, “Cahub” akademiyasi yonida qariyb 360 million so‘mlik IT shaharcha qurilishi ham davom etmoqda. Ushbu loyiha 2026 yil boshida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari va ta’lim imkoniyatlarini yaratadi. “Cahub” akademiyasi Qo‘shtepada raqamli taraqqiyot va yoshlar kelajagiga qaratilgan muhim tashabbus sifatida o‘z samarasini bermoqda.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA