Qo‘shrabot tumani Samarqandning eng olis, tog‘ va dashtlikdan iborat hududi hisoblanadi. Tabiiyki, bu yerda aholi asosan, lalmi dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Markazlashgan suv ta’minoti tuman markazida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da aksariyat qishloqlarda odamlar quduq suvidan iste’mol qiladi.
Prezidentimiz tomonidan Qo‘shrabot tumanida Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK xalqaro rivojlanish jamg‘armasining 29,7 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘lari hamda 6,4 million dollar respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga doir qarori qabul qilindi. Bu orqali tumanning 80 mingdan ortiq aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash ko‘zlangan edi. 2021 yilgacha amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyiha doirasida hududda 116 ta suv quduqlari burg‘ulash va 56 ta suv inshooti qurish, 883 kilometr suv tarmoqlari tortish va rekonstruksiya qilish belgilangandi. Bu vazifalarni bajarish uchun loyiha 8 LOTga bo‘linib, 2019 yilda xalqaro tender o‘tkazildi va unda Xitoy, Ozarbayjon, Shveysariya kompaniyalari bilan birga yurtimizdagi qurilish-pudrat tashkilotlari, konsorsiumlar g‘olib bo‘ldi. Shu asosida ishlar boshlandi.
Ayni paytda loyiha bo‘yicha asosiy ishlar bajarilgan. 112 ta quduq qazilib, 52 ta suv inshooti qurilgan. 814 kilometrlik tarmoq tortilgan. Ellikdan ortiq qishloq aholisi xonadoniga suv tarmoqlari tortilib, suv hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ammo, pandemiya va boshqa sabablar bilan ayrim lotlarda ishlar davom etmoqda va joriy yilda yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan. Yurtimizdagi “Suv-taraqqiyot” va “Neftgazmontaj” konsorsiumi ham xalqaro tenderda beshinchi va yettinchi LOT bo‘yicha g‘olib bo‘lib, 16 qishloqni ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 15 ta suv inshooti qurishni o‘z zimmasiga olgan edi. Jumladan, beshinchi lotda Tepalik, Uchyog‘och, Chinoq, Qorakissa, Qoratosh, Ejkent, Sho‘rcha, Tozg‘ora va Yangi Ravot qishloqlarida 16 ta artezian qudug‘i qazish va 8 ta suv inshooti qurish, 42,2 kilometr suv tarmog‘i, 40,1 kilometr abonent tarmog‘i tortish, 700 ta suv o‘lchagich o‘rnatish belgilangan.
– Beshinchi lotda belgilangan vazifalar deyarli bajarilgan, – deydi “Suv-taraqqiyot” va “Neftgazmontaj” konsorsiumi bosh muhandisi Yo‘ldosh Nazarov. – Ya’ni, 16 ta artezian qudug‘i qazilib, 8 ta suv inshooti qurildi va 2022 yilda bosqichma-bosqich ishga tushirildi. Umumiy tarmoq va aholi uchun tarmoq tortish ishlari yakunlangan. 704 ta xonadonga suv tarmog‘i o‘tkazilib, hisoblagichlar o‘rnatilgan. Lekin hozirda ayrim inshootlarda muammolar yuzaga kelmoqda va ularni ham tez orada bartaraf etish choralarini ko‘ryapmiz. Jumladan, Qoratosh, Yangiravot, Ejkent qishloqlaridagi 214 ta xonadonni suv bilan ta’minlash uchun 3 ta artezian qudug‘i qazilib, ikkita suv minorasi o‘rnatilgan. Ikkinchi minoradan suv nasos yordamida aholiga yetkazib beriladi. Lekin yanvar oyidagi sovuq paytida nasos muzlab, ishdan chiqqan. Shundan buyon aholiga suv berilmayapti.
[gallery-11006]
Pudratchi mas’ullarining aytishicha, bu vositani ta’mirlashning imkoniyati bo‘lmagani sababli yangisini o‘rnatish rejalashtirilgan. Lekin qurilma Turkiyadan keltirilishi sababli kechikayotgan ekan. Uchyog‘och qishlog‘ida 2 ta artezian qudug‘i qazilib, 200 metrdan suv chiqarilgan. Ayni paytda ularning bittasidan foydalanilmoqda. Ikkinchisidan sinov paytida foydalanilgan xolos, hozirda ishlatilmayapti. Xuddi shunday holat Tepalik qishlog‘idagi suv inshootida ham kuzatildi. 105 ta xonadonni suv bilan ta’minlash maqsadida qazilgan 3 ta artezian qudug‘ining bittasi ishlamayapti.
– Qishlog‘imizdagi deyarli har bir hovlida arzezian qazib olingan, – deydi Uchyog‘och qishlog‘ida yashovchi O‘tkir G‘afurov. – Shu orqali tomorqani sug‘oramiz, o‘zimiz ham shu suvdan ichardik. O‘tgan yil qishlog‘imizda suv inshooti qurilgach, suv ta’minoti yaxshilandi. Bu suv quduq suvidan shirin, ham foydali ekan. Sababi hovlimizdagi quduqlardan 30-60 metrdan suv chiqargan bo‘lsak, bu yerda 200 metrdan chiqadi. Odamlar o‘rganib qoldi, suv o‘lchagich ko‘rsatkichiga qarab to‘lovini qilyapmiz.
Tog‘ etagida joylashgan Chinoq qishlog‘ining 126 xonadonini suv bilan ta’minlash uchun 2 ta artezian qudug‘i qazilgan va bitta suv minorasi o‘rnatilgan. Minora qishloq tepasida o‘rnatilgan va bu yerga artezianlardan nasos yordamida suv haydaladi. So‘ngra aholi yetkaziladi. Elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar yuzaga kelishi sababli minorani suv bilan to‘ldirish qiyin kechayotganini aytishdi. Minoroda suv bo‘lsa, aholi ta’minotida muammo yuzaga kelmaydi.
– Shu paytgacha qishlolarimizda markazlashgan suv tarmog‘i yo‘q edi, – deydi Chinoq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolmirza Qarshiyev. – Tog‘dan keladigan suvdan yoki hovlilarimizdagi o‘zimiz o‘rnatgan artezian suvidan ichardik. Lekin ularning sifatiga kafolat yo‘q edi. Qolaversa, keyingi yillarda yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi sababli tog‘dan keladigan suv yozning o‘rtasiga borib qurib qolardi, quduqlar esa pasayib ketgandi. O‘tgan yil ikkita artezian qazilib, suv inshooti qurilgach bu muammoga barham berildi. Hozirda har bir xonadonga tarmoq tortilgan. Aholi sifatli, toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lyapti.
Umuman, mazkur loyihaning amalga oshirilishi Qo‘shrabot tumani aholisini yillar davomida qiynab kelgan muammoga yechim bo‘ldi, suv ta’minoti yaxshilandi. Bu jarayonda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, uchrayotgan muammolar ham tez orada bartaraf etilishini bildirdi mas’ullar.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA