Samarqand davlat chet tillar instituti “Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy dasturi doirasida Qo‘shrabot tumani markazi va Jo‘sh qishlog‘ida xorijiy tillarni o‘rgatadigan o‘quv markazlari tashkil etdi.
Ushbu markazlarda kam ta’minlangan oilalar farzandlari, xorijiy davlatlarga ishlash maqsadida ketayotgan fuqarolarga institut pedagoglari tomonidan ingliz, nemis va koreys tillari bepul o‘qitiladi.
O‘quv markazlar uchun 82-umumta’lim maktabi va Jo‘sh mahallasidagi kasb-hunar kolleji binosidan xonalar ajratildi.
– Xonalar ta’mirlanib, zarur jihozlar, o‘quv adabiyotlari, ko‘rgazmali vositalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi, – deydi Samarqand davlat chet tillar instituti kafedra mudiri Muhiddin Esirgapov. – Markazlarda mashg‘ulot olib borish uchun 6 nafar mutaxassis ajratildi. Ularga institut tomonidan ish haqi to‘lanadi. O‘qituvchilarimiz haftada uch kun kelib, mashg‘ulot o‘tadi. Har ikki haftada markaz tinglovchilarining bilimi maxsus o‘qituvchilar tomonidan nazoratdan o‘tkaziladi. Til bilish darajasini aniqlash uchun sinovlar uyushtiriladi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan kelishuvimizga ko‘ra, Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash uchun talabgorlarga nemis tili o‘rgatamiz va ular belgilangan til bilish darajasini olish uchun sinovdan o‘tadi.
Markazlarning ish boshlashi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda Samarqand viloyati va Qo‘shrabot tumani hokimliklari mas’ullari, Samarqand davlat chet tillar instituti rahbariyati ishtirok etib, muassasalarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
– Ikki qizimni ingliz tili kursiga bergandim va har oyda 200 ming so‘mdan ziyod pul to‘lashimga to‘g‘ri kelardi, – deydi Jo‘sh mahallasida yashovchi Sayyora Usmonova. – Lekin hamma vaqt ham bunga imkoniyatim bo‘lmasdi. Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan bepul o‘quv kurslari tashkil etilganini eshitib, farzandlarimni shu yerga berdim. Darslarni institut o‘qituvchilari o‘tar ekan. Bu o‘quvchilar uchun juda katta imkoniyat.
Tumandagi 77-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohina Toshkentboyeva koreys tilini o‘rganish niyatida bo‘lsa-da, tumanda buning uchun imkoniyat yo‘q edi. Endi esa u Qo‘shrabotda turib bu tilni o‘rganishi mumkin.
[gallery-19628]
– Tumanimizda koreys tilini o‘rgatadigan o‘quv markaz yo‘q, - deydi Mohina Toshkenboyeva. – Buning uchun Samarqand shahriga borishimizga to‘g‘ri kelardi. Chet tillar instituti ochgan o‘quv markazida koreys til kursi borligini eshitib, birinchilar qatorida ro‘yxatdan o‘tdim. Bu biz uchun juda qulay bo‘ldi. Eng muhimi, kurslar bepul ekan.
Eslatib o‘tamiz, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” umummilliy dasturini amalga oshirish jarayonida Qo‘shrabot tumani Samarqand viloyatidagi namunali hududga aylantirilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari