Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Qo‘shrabotda yerto‘lada quyon boqish yo‘lga qo‘yildi
15:59 / 2023-08-04

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani Qiyqim mahallasida tuman hokimligi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida mazkur loyiha amalga oshirilmoqda.

– Yer to‘la quyonxona egallaydigan maydonning uzunligi besh, eni ikki metrni tashkil etadi, – deydi “Qo‘shrabot noyob quyonlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ruslan Rashidov. – Bitta yer to‘la 26 bosh quyonga mo‘ljallangan bo‘ladi. Yer to‘la usti tunuka bilan yopilib, tomning ichki tomoniga issiq o‘tkazmaydigan material qoplanadi. Yer to‘la ichiga suv va yem-xashak uchun maxsus idishlar qo‘yiladi. Yer to‘la qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini hisobga olsak, bunda elektr energiyasi va gazga ehtiyoj yo‘q. Bu quyonlarning yaxshi parvarishlanishi uchun ayni muddao. Sababi, tabiiy sharoitda ham quyon yer ostiga in qurib ko‘payadi. Shu jihatdan buni aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini ko‘paytirishda zarur va kerakli texnologiyalardan biri deyish mumkin.  

Eng muhimi, mazkur qurilma ko‘p xarajat talab qilmaydi. Ya’ni xonadon egasiga barcha jihozlari va quyonlar bilan birga 33 million so‘mga tushadi. Bir yilda ushbu innovatsion quyonxonada 1,5-2 tonnagacha go‘sht yetishtirish imkoniyatini hisobga olsak, bu ish bilan shug‘ullangan kishi yil davomida 100-120 million so‘m pul topishi mumkin. Bu mablag‘ning yarmi xarajatlarga ketganda ham yarmi oila uchun daromad bo‘ladi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil viloyatda 300 ta xonadonda shu usul orqali odamlarning bandligini ta’minlash va daromadini oshirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha doirasida quyonxonalar respublika quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi va “Qo‘shrabot noyob quyonlari” MCHJ bilan hamkorlikda kreditga qurib berilmoqda. Quyon va ozuqa masalasi ham assotsiatsiya zimmasida. Aholi xonadonida ko‘paytirilgan quyonlarni ham assotsiatsiya sotib oladi. Shu maqsadda Qo‘shrabotda markazlashgan kushxona va o‘quv markazi tashkil etiladi. Yem ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Aytish joizki, qishloq joylarda quyonni bunday usulda ko‘paytirish qiyin emas. Chunki har bir xonadonning o‘z tomorqasi bor, quyon uchun ozuqani yetishtirish mumkin. Hozirda Qiyqim mahallasidagi 10 ta xonadonda shunday quyonxonalar tashkil etilgan.  

G‘.HASANOV, O‘zA.