Kecha – 9 fevral kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi Qo‘shtamg‘ali mahallasida kuchli shamol esishi va yomg‘ir yog‘ishi oqibatida bir nechta xonadonlarga zarar yetdi, ularning tomi qismi buzildi, hatto ayrim elektr tayanch ustunlari ag‘anadi.
Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev tegishli mas’ullar bilan birga shu kunning o‘zida ushbu hududda bo‘lib, noqulay ob-havodan aziyat chekkan xonadonlar a’zolari bilan uchrashdi. Talafot yetgan uy-joylar qisqa fursatda ta’mirlab berilishi aytildi.


Shundan so‘ng Qo‘shtamg‘ali mahalla markazi binosida shtab tashkil etilib, zarur texnika va mutaxassislar jalb qilindi. Viloyat hokimi aholi xavfsizligini ta’minlash, yetkazilgan zararni tezkorlik bilan bartaraf etish hamda elektr ta’minotidagi uzilishlarni tiklash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Ayni paytda hududda elektr ustunlarini almashtirish, uylarning tom qismini ta’mirlash, aholini zarur buyumlar bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.


Shuningdek, kecha kuchli shamol Urgut tumani Kamardon mahallasidagi ko‘p qavatli uyning tom qismini uchirib yuborgandi. Tuman hokimi va boshqa mas’ullar voqea ro‘y bergan paytning o‘zida mazkur ob’ektda bo‘lib, zarar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri