Xitoylik investorlar – Xu Xian Shui va Lian Longjiye Samarqand viloyatining olis Qo‘shrabot tumanida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Ular Qo‘shrabot tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi orqali tosh qazib olish, kesish, unga ishlov berish va pardozlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “SI JIE STONE” hamda “BA DA STONE” MCHJ xorijiy korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
– Xitoy fuqarolari mamlakatimizga ulkan rejalar bilan kelgan, – deydi Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazi direktori Bobur Xudoyberdiyev. – Ular O‘zbekistondagi biznesiga 5 million dollar investitsiya kiritmoqda. Tadbirkorlar faqatgina marmar qazib olish va uni qayta ishlash bilan shug‘ullanmay, kelgusida faoliyatini kengaytirish, 70 dan ziyod xizmat turlarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Jumladan, veterinariya xizmatlari ko‘rsatish, keng turdagi qurilish mollari ishlab chiqarish, hudud sharoitidan kelib chiqib tuyachilik va tuyaqush boqishni tashkil etmoqchi. Korxonalar ishga tushishi bilan dastlab 60 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlansa, keyingi loyihalar hisobiga yana 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘shrabot tumani davlat xizmatlari markazi orqali joriy yilning 6 oyida 294 ta yakka tartibdagi, 107 ta yuridik shaxs maqomidagi tadbirkorlik sub’ektlari hamda 4 ta xorijiy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri